Hayot go‘zal va naqadar shirin. Uning qadriga yetish, sog‘-omonliging uchun shukrona aytib, halol mehnat qilish, oilang, farzandlaring bag‘rida bo‘lish, ularning o‘sib-ulg‘ayishini, kamolini ko‘rish – bu haqiqiy baxt emasmi, aslida?!
Ha, baxt har kimning nazdida har xil. Ammo uni his qilish va ana shu baxtni asrab-avaylash uchun juda katta kuch kerak emas, jur’at va iroda bo‘lsa bas. Meliboyning (ismlar o‘zgartilgan) 3 nafar qizi bor. “Qiz farzand otani jannatga olib kiradi” deyishadi. Lekin u ana shu guldek, murg‘ak qalb egalarining ko‘nglini o‘ksitib, oilasidan ajrashdi. Endi uch qizi bilan yolg‘iz qolgan ona sobiq eridan aliment undirish uchun sudga murojaat qildi.
Meliboyning xayoliga “qizlarim nima qilyapti, nima ichib-yeyabti, qanday kun ko‘ryapti?” degan savollar sira ham kelmasdi. Ammo vaqt to‘xtab turmaydi, uning farzandlarining moddiy ta’minoti uchun to‘lamagan alimentdan qarzdorligi ham vaqt o‘tgan sari oshib boraverdi. Oqibatda, Meliboy 26 million 378 ming so‘m aliment pulini to‘lashga majbur. Uning shuncha puli yo‘qligi bois, Jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tuman sudining 2022 yil 23 avgustdagi hukmi bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan ish haqining 10 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlash yo‘li bilan 1 yil 6 oy muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan edi va 1984 yilda tug‘ilgan Meliboy Taxiatosh tumani ichki ishlar bo‘limiga shu kuni hisobga qo‘yilib, ijroga qaratilgan.
Shundan so‘ng, Meliboyning yashash manzilida yo‘qligi sababli qidirilib, surishtiruv ishlari natijasida 2022 yil 22 noyabr kuni topilib, shu kuni unga jazoni o‘tash tartib va qoidalari tushuntirilib, yozma ravishda tanishtirilib, rasmiy ogohlantirildi. Uni ishga joylashtirish maqsadida shu kuni probatsiya guruhi tomonidan Taxiatosh tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga yo‘llanma xat berilgan.
Yo‘llanma xat bo‘yicha Taxiatosh tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari tomonidan 2022 yil 22 dekabr kuni unga “ENTER ENGINEERING” MCHJda ishchi vazifasiga oylik maoshi 2 million 500 ming so‘m bo‘lgan ish taklif qilinib, mahkum mazkur jamiyatda ishlash istagini bildirgan.
Lekin Meliboy unga taklif etilgan ish joyiga murojaat qilmasdan, jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlab kelgan.
Sudda Taxiatosh tumani Probatsiya guruhi xodimi I.Jabbarbergenov Meliboyga tayinlangan sud hukmi 23.09.2022 yilda probatsiya guruhiga ijroga kelib tushganligini, unga 2022 yil 22 noyabr kuni jazoni o‘tash tartib va qoidalari tushuntirilib, rasmiy ogohlantirilib, shu kuni tuman bandlik bo‘limiga yo‘llanma berilganligini, Meliboy bandlik bo‘limi xodimlari tomonidan taklif etilgan “ENTER ENGINEERING” MCHJda ishlash istagini bildirganligini, lekin u 2023 yil mart oyiga qadar jamiyatga murojaat etmasdan, jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlab, yashirinib kelayotganligini aytib, jazosini ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirishni so‘radi.
Sudda Taxiatosh tuman prokurorining ish o‘rganuvchi katta yordamchisi S.Taubayev Taxiatosh tumani IIB boshlig‘ining taqdimnomasini qanoatlantirishni so‘radi. Ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, 2023 yil 6 aprel kuni Meliboyga ahloq tuzatish ishlari jazosini O‘zbekiston Respublikasi JK ning 46-moddasi 4-qismiga asosan boshqa jazoga almashtirish masalasi ko‘rilishi haqida 2023 yil 6 aprel kuni soat 15:00 ga jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tuman sudi binosiga kelishi to‘g‘risida telegramma yuborilgan. Lekin u 2023 yil 6 aprel kuni sudga hech qanday sabablarsiz kelmadi va pochta aloqa bo‘limining uning yashash manzilida yo‘qligi haqida ma’lumotnoma kelib tushdi.
Mahkum sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosining bir kunini ham o‘tamagan, o‘talmagan muddati 1 yil 6 oyni tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 46-moddasi 4-qismida “Agar shaxs sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari muddatining jami bo‘lib o‘ndan bir qismidan ko‘prog‘ini o‘tashdan bo‘yin tovlasa, sud axloq tuzatish ishlarining o‘talmagan muddatini xuddi shu muddatga ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan vaqt jazoning o‘talgan muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi”, deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 542-moddasi 3-qismida “Jarima jazosiga, ahloq tuzatish ishlariga yoki ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxs jarima jazosini, axloq tuzatish ishlarini va ozodlikni cheklashni jazoning boshqa turlari bilan almashtirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi uchun sudga uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmagan taqdirda, jazoni ijro etuvchi organining taqdimnomasi mahkum yo‘qligida ko‘rib chiqilishi mumkin. Jarima, majburiy jamoat ishlari yoki axloq tuzatish ishlari ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan, shuningdek, ozodlikni cheklash ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilgan taqdirda, sud mahkumga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash va qidiruv e’lon qilish to‘g‘risidagi masalani hal qilishi kerak”, deb ko‘rsatilgan.
Sud probatsiya guruhi xodimi va prokurorning fikrini tinglab, ajrim qildi. Unga ko‘ra, Meliboyga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tuman sudining 2022 yil 23-avgust kungi hukmi bilan tayinlangan 1 yil 6 oy muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 46-moddasi 4-qismiga asosan shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilindi.
Arman Qoshanov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Taxiatosh tuman sudi raisi,
O‘zA