Xalq vakillari bo‘lgan deputatlar joylarda o‘zlari saylangan hudud saylovchilari bilan yuzma-yuz muloqot qilish orqali ko‘tarilgan murojaatlarni bartaraf etishda tashabbus ko‘rsatmoqda.
Jumladan, Xalq deputatlari Nukus tumani Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Salamat Umatov ham o‘zi saylangan mahalla fuqarolar yig‘ini hudud saylovchilari bilan uchrashdi. Unda mahalla aholisi tomonidan kollektor drenaj tarmog‘iga o‘rnatilgan piyodalar o‘tadigan eski yog‘och ko‘prik o‘rniga temir ko‘prik o‘rnatib berish bo‘yicha murojaat etilgan edi.
Mazkur mahallada bugungi kunda 3 ming 500 dan ziyod aholi istiqomat qilib kelmoqda. Ammo ularni ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan muammo bu ko‘prik masalasi edi. Yog‘ochdan yasalgan ko‘prik xavfli bo‘lsa ham, odamlar undan foydalanishga majbur edi. Ayniqsa, bolalarning maktabga qatnashida qiyinchilik tug‘dirayotgan edi.
Deputat muammoni atroflicha o‘rganib chiqdi. Natijada xalq vakilining tashabbusi bilan mahalla raisi va homiylar yordamida eski yog‘och ko‘prik yangisiga almashtirildi. Shunday qilib, aholini qiynab kelayotgan muammo xalq vakili yordamida ijobiy hal qilindi. Endilikda mazkur ko‘prikdan nafaqat maktab o‘quvchilari, balki barcha aholi xavf-xatarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri