Joriy yilning 3–4 may kunlari kunlari Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning navbatdagi 41- hamda Markaziy Osiyo Muvofiqlashtiruvchi elektr energetika kengashining 39-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Energetiklarning an’anaviy ishchi yig‘ilishlarida 2022–2023 yil kuz-qish mavsumida Markaziy Osiyo Birlashgan energetika tizimi bo‘yicha bajarilgan ishlar sarhisobi, 2023 yil sug‘orish — melioratsiya mavsumida energetiklarning ish tartibi, Tojikiston Respublikasi energetika tizimining Markaziy Osiyo Birlashgan energetika tizimi bilan parallel ishlashini qayta tiklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, Qozog‘iston Birlashgan energetika tizimi va Markaziy Osiyo Birlashgan energetika tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma konsepsiyaning holati to‘g‘risida energotizimlar rahbarlari hisobotlari, shu bilan birga, boshqa bir qator masalalar muhokamasi kun tartibiga kiritilgan.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov va soha mutaxassislar ishtirok etadi.
Bundan tashqari, yig‘ilishlarda Qozog‘istonning “KEGOC” aksiyadorlik jamiyati, Tojikistonning “Barki Tochik” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati xolding kompaniyasi, Qirg‘izistonning “Qirg‘iziston milliy elektr tarmoqlari” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi hamda “Energiya” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etishi kutilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA