Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasi bo‘yicha Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Zohidov ma’ruza qildi:

– Mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo‘yicha ulkan islohotlar amalga oshirildi. Pedagoglarga munosabat tubdan o‘zgarib, ularning ish haqi bir necha marta oshirildi, ish yuklamalari maqbullashtirildi. Ta’lim dargohlaridagi ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yilib, qonunchilikda belgilangan 6 ta ish hujjatidan boshqa hisobot va taqvimlar yuritilishi qat’iyan man qilindi.

Ammo bu pedagoglarning faoliyatini to‘laqonli bajarishiga, yetarli darajada moddiy, ijtimoiy va kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuvlardan himoya qilishga, vazifalariga taalluqli bo‘lmagan ishlarga jalb qilinmasligi uchun to‘la acoc bo‘lib xizmat qilmayapti.

Ushbu qonun loyihasi bilan ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlarining huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘lishini kafolatlash maqsadida mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etish taklif etilmoqda. Shuningdek, pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash, ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir o‘quv yili davriga o‘qituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodimni biriktirish nazarda tutilyapti.

Shu bilan birga, davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tishi, pedagog xodimning kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan ta’minlanishi aks etmoqda. Qolaversa, ellik olti ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’til berish belgilanmoqda, – dedi E.Zohidov.

Deputatlar ushbu qonunning bugungi kundagi zarurati va ahamiyatini e’tirof etgan holda qizg‘in muhokama qildi. Qator takliflar, fikrlar, savollar o‘rtaga tashlandi. Qonun loyihasi o‘qituvchilarning obro‘sini oshirish, qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlanib, xalq vakillari tomonidan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA