Huquqiy munosabat

Kredit tarixi – bu biror bir shaxsning qayerdan, qaysi kredit tashkilotidan, qancha miqdorda qarz olgani va keyinchalik uni qanday to‘lagani to‘g‘risidagi batafsil ma’lumot hisoblanadi.

Kredit tarixi salbiyligi sababli kredit ajratilishining rad etilishi xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov quyidagilarni gapirib berdi.

– “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi qonunning 5 moddasiga ko‘ra, kredit tarixi — kredit byurosi tomonidan kredit axboroti sub’ektiga nisbatan shakllantirilgan kredit axboroti majmuidir. Kredit tarixi o‘z ichiga kredit axboroti sub’ektini identifikatsiyalash imkonini beradigan, kredit axboroti sub’ektining kredit bitimlari to‘g‘risidagi, shuningdek, ularning ijro etilishi holati haqidagi, kredit axboroti sub’ektining fuqarolik-huquqiy shartnoma bo‘yicha pul summasini to‘lash majburiyatlari to‘g‘risidagi hamda kredit tarixini shakllantirish sanasi to‘g‘risidagi, shuningdek kredit tarixini shakllantirgan kredit byurosi haqidagi ma’lumotlarni olishi kerak.

Kredit tarixiga kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq boshqa ma’lumotlar ham kiritilishi mumkin. E’tiborli tomoni shundaki, kredit axboroti sub’ektining bajarilish sanasidan e’tiboran besh yildan ko‘p vaqt o‘tgan pul summasini to‘lash majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kredit tarixiga kiritilmaydi.

Demak, sizning kredit tarxingiz besh yil davomida saqlanadi.

Shuningdek, qonunning 14-moddasiga asosan kredit byurosi kredit axborotining besh yil mobaynida saqlanishini ta’minlashi shart.

–Kredit tarixini qanday qilib olish mumkin?  

–Bu holatda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan (http://my.gov.uz) ro‘yxatdan o‘tasiz. U yerda kredit tarixi haqida ma’lumot olish bilan birga, o‘z kredit tarixingizni onlayn kuzatib borishingiz ham mumkin. Yagona portal orqali kredit tarixi bir yilda bir marta bepul taqdim etiladi.

Demak, kredit tarixi salbiyligi sababli kredit berish to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad etilishi mumkin. Shuning uchun barcha kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida, kredit shartnomasiga ilova qilingan to‘lov grafigiga asosan to‘lab borish tavsiya etiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA