Biznes-forum

Berlin shahrida 2 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi arafasida O‘zbekiston – Germaniya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda ikki mamlakatning 250 dan ortiq yirik kompaniya, xolding, sanoat korxonalari, banklari, vazirliklari, idoralari va sanoat birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev  so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlar faol rivojlanib borayotgani, bunga ikki davlat rahbarlarining ishonchi va siyosiy irodasi tufayli erishilganini alohida ta’kidladi.

Ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi 5 yil ichida ikki baravar oshgan. 2022 yil yakuniga ko‘ra, ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlari yana 50 foizga ko‘paydi va birinchi marta 1 milliard yevrodan oshdi.

Sarmoyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasida ham izchil dinamika kuzatilmoqda. O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni bir necha yil ichida qariyb 3 barobar ko‘payib, 200 tadan oshdi. 2017 yildan beri o‘zlashtirilgan nemis investitsiyalarining umumiy miqdori 11 barobar o‘sgan va bugungi kunda 4 milliard yevrodan ortiqni tashkil etmoqda.

Germaniyaning MAN, CLAAS, Knauf, GP Papenburg, Viessmann, Deutsche Kabel, LEMKEN kabi ko‘plab kompaniyalari O‘zbekistonda faol va muvaffaqiyatli biznes yuritib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirmoqda.

Germaniya ishbilarmon doiralarining e’tibori mamlakatimizda xorijiy investorlarning qulay mehnat qilishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, O‘zbekiston iqtisodiyotining kuchli tomonlariga qaratildi. Kadrlar salohiyati, strategik geografik joylashuv, MDH davlatlari bilan erkin savdo rejimlari, GSP+ benefisiari maqomi, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha faollik bilan olib borilayotgan ishlar, boy xomashyo resurslari hamda mamlakatimiz rahbariyati va hukumatining qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni bevosita qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi shular jumlasidan.

Energetika, kimyo, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, shuningdek, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalari uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida taklif etildi.

Germaniya biznesi vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samarasini, jumladan, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratilganini yuqori baholadi. Hamkorlikni oshirish, yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga qat’iy niyatlari borligi bildirildi.

Biznes-forum O‘zbekiston va Germaniya vazirlik, idoralari, yetakchi kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida “G2B” muzokaralari hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlari kesimidagi aniq misollar va loyihalar taqdimoti bilan davom etdi.

Biznes-forum yakunlari bo‘yicha qator sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

O‘zA