Referendumda BAA vakillari ham ishtirok etdi
BAA axborot agentligi – “WAM” ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi akkreditatsiyadan o‘tkazgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari orasida BAA vakillari ham bor edi. Federal milliy kengash a’zosi, BAA – O‘zbekiston parlament do‘stlik qo‘mitasi raisi Usama Ash-Shafar, parlament aloqalari bo‘yicha Bosh kotib yordamchisi Afra Rashid Al-Bastiy Referendum oshkora, demokratik, xalqaro talablar asosida o‘tganini ta’kidladi.
Usama Ash-Shafar ikki mamlakat do‘stligi mavzusiga to‘xtalib, so‘nggi paytda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini urg‘uladi. Shuningdek, o‘zaro munosabatni mustahkamlash va umumiy manfaatga erishish yo‘lida ikki do‘st davlat o‘rtasidagi hamkorlik va muvofiqlikni oshirish muhimligiga to‘xtalib, bundan buyon ham O‘zbekistonga muvaffaqiyat, taraqqiyot va farovonlik tiladi.
Ash-Shafar barcha siyosiy partiyalar tomonidan fuqarolarga fikr bildirish, konstitutsiyaviy qonun loyihasi doirasida referendumda ishtirok etish imkonini beruvchi demokratik muhitni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatni yuqori baholadi.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA