AQSH NATO safiga yangi qo‘shilgan Finlyandiya bilan mudofaa sohasida ikki tomonlama muzokaralar olib bormoqda. Agar kelishuvga erishilsa, Qo‘shma Shtatlar Qurolli kuchlari Finlyandiya hududidan harbiy-o‘quv kurslari tashkil etish va texnikani joylashtirish imkoniyatidan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda finlarning “Helsingin Sanomat” gazetasi xabar berdi.

Muzokaralardan biri o‘tgan hafta Xelsinki – Katayanokke  rayonida bo‘lib o‘tgan. Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi siyosiy bo‘lim rahbari Mikael Antell kelishuv matni ittifoqchilar tomonidan uning ijobiy hal etishga yo‘naltirilgan tarzda muhokama qilinayotganini ta’kidladi.  

Prezident Sauli Niinistyo kelishuv haqida Finlyandiya xavfsizligini maksimal darajada oshirish yo‘li sifatida gapirdi va Qo‘shma Shtatlar bu masalada muhim omil ekanini qayd etdi.

Finlyandiya 4 aprel kuni NATOning 31-a’zosi etib tasdiqlangan edi. Natijada Shimoliy Atlantika alyansining Rossiya bilan umumiy chegarasi ikki barobarga ko‘paygan va u 2600 kilometrni tashkil etgandi.

Shuningdek, avvalroq Finlyandiya Rossiya bilan chegarada devor qurishni boshlagani haqida xabar berilgan edi.

 

O‘zA