Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an beshinchi avlod milliy jangovar samolyotining nomini e’lon qilar ekan, endi Turkiya quruqlikda ham, dengizda, havoda va koinotda ham o‘z o‘rniga ega mamlakat, deb bayonot berdi.
Erdog‘an jangovar samolyotning nomini KAAN, deb ma’lum qildi.
“Bugun biz mudofaa va aerokosmik sanoati sohasida navbatdagi tarixiy kunga guvoh bo‘lmoqdamiz”, – dedi Turkiya yetakchisi Anqarada so‘zga chiqib.
Uning ta’kidlashicha, “hozirda Turkiya barcha sohada, quruqlikda, dengizda va suvostida, havo va koinotda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mamlakat hisoblanadi”.
Erdog‘anning qayd etishicha, samolyot eng so‘nggi texnika yutuqlari bilan jihozlangan, yuksak darajada harakatlanishi, nishonni yuqori darajada aniq urishi va boshqa ustunliklarga ega.
O‘tgan yil dekabrda Anadolu agentligi Turkiyada dunyoda birinchi lazer quroliga ega bo‘lgan Eren droni yaratilgani haqida yozgandi. Dron 500, 300 va 100 metrlik masofada nishonni aniq urgani aytilgan edi.
Eren droni TÜBİTAK va Asisguard mudofaa kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, masofadan turib lazer quroli orqali portlovchi vositalarni zararsizlantira oladi. Eren 3000 metr balandlikka ko‘tarila oladi.