Yosh iste’dodlarni aniqlash, iqtidorli bolalarni tanlab olish va o‘qitish tizimini tashkil qilish, o‘sib kelayotgan avlodning intellektual imkoniyatlarini namoyon etishga yordam beruvchi ko‘p tarmoqli ta’lim muhitini yaratish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasasi shaklidagi Prezident maktablari tashkil etilgan edi. Belgilangant tartibga muvofiq, Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘ladi hamda ikkita sinfga 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi.

Xo‘sh, Prezident maktabiga hujjat topshirishning qanday tartiblari mavjud? O‘quvchi respublikadagi hohlagan Prezident maktabiga hujjat topshira olishi mumkinmi? Mazkur savollar yuzasidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Jo‘rabek Jangirov quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

– Prezident maktablarida ta’lim jarayoni xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi, – deydi Jo‘rabek Jangirov. – Prezident maktablari bitiruvchilariga belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma, attestat) bilan bir qatorda, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalariga kirish imkonini taqdim etuvchi xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) beriladi. Prezident maktabiga hujjat topshiradigan talabgorning 4-sinfdagi matematika, tabiatshunoslik fanlaridan yillik baholari a’lo, ya’ni 5 baho bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, hujjatlar faqat nomzod o‘qiyotgan umumta’lim muassasasi joylashgan hudud (viloyat)dagi Prezident maktabiga topshiriladi. Prezident maktabiga kirish imtihonlari 2 bosqichda o‘tkaziladi. 1-bosqich matematika fanidan 30 ta topshiriqdan iborat test shaklida tashkil etiladi. Birinchi bosqich natijasiga ko‘ra qabul kvotasida belgilangan har bir o‘ringa 20 kishi hisobidan, ya’ni maksimal 480 nafar talabgorlar 2-bosqichda ishtirok etishga ruxsat etiladi. 2-bosqich fikrlash qobiliyatini aniqlash bo‘yicha 40 ta topshiriqdan iborat test shaklida o‘tkaziladi hamda o‘quvchiga ingliz tilidan 40 ta topshiriqdan iborat test taqdim etiladi.

Prezident maktabining tanlovida ishtirok etish uchun hohish bildirgan o‘quvchining ota-onasi joriy yilning iyun oyida Agentlikning maxsus portali (ariza.piima.uz) orqali elektron shaklda talabgor to‘g‘risida ma’lumotnoma, talabgorning oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurati, o‘quv yili natijasiga ko‘ra talabgor baholari (elektron) tabelining maktab direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi, talabgor va uning ota-onasi yoki qonuniy vakillarining shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari va aloqa uchun telefon raqami kabi hujjatlar platformaga kiritiladi. Kirish imtihoni natijalari Agentlikning rasmiy veb-saytida imtihon topshirilgan kundan keyin 30 kun mobaynida e’lon qilinadi. Prezident maktabining kirish imtihonlaridan o‘tgan o‘quvchilar to‘liq bepul ta’lim oladi. Bundan tashqari o‘quvchilar uchun maktabda zamonaviy yotoqxona, 1 kunda 5 mahal bepul ovqatlanish, darsdan so‘ng to‘garak mashg‘ulotlari, turli xil sport turlari (futbol, volleybol, basketbol, suzish, tennis va b.) bilan shug‘ullanish kabi sharoitlar yaratib berilgan. Mazkur maktabda tahsil oluvchi o‘quvchilar bepul kiyim-kechaklar bilan hamda darslik va kerakli maktab qurollari bilan ta’minlanadi.

STEAM (matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika) fanlari chet ellik pedagoglar tomonidan ingliz tilida o‘qitiladi. 11-sinf bitiruvchilari tanlangan fanlar asosida xalqaro malaka imtihonlarida ishtirok etib, ulardan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Umumta’lim muassasalarining tegishli sinflarida o‘qishni to‘liq tamomlagan talabgorlar Prezident maktabining shunday sinfida takroran o‘qishni talab qilish huquqiga ega emas.

Agar o‘quvchilar belgilangan muddatlardan keyin saralash tanlovida ishtirok etish xohishini bildirgan taqdirda, talabgorlar o‘quv yili natijasiga ko‘ra, matematika va tabiatshunoslik fanlaridan yillik baholari a’lo bo‘lmagan taqdirda, talabgor tahsil olayotgan maktabning hududiy mansubligi Prezident maktabining hududiy mansubligiga mos kelmagan holda va Prezident maktabiga tanlovdan o‘tish uchun tegishli hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan kabi holatlarda hujjatlarni qabul qilish rad etiladi. Chet el fuqarolari Prezident maktabiga hujjatlarni topshirish huquqiga ega emas. Kirish imtihonlari takroran o‘tkazilmaydi. Kirish imtihonlari natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi. Kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha imtihon materiallari talabgorlarga taqdim etilmaydi. Kirish imtihonlari davlat va qoraqalpoq (Qoraqalpog‘iston Respublikasida) tillarida hamda talabgorning tanloviga muvofiq ingliz tilida o‘tkaziladi.

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA