Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Farg‘ona vodiysi qadim-qadimdan katta ahamiyatga ega yo‘laklar kesishuvi bo‘lgan. Xitoy va Yevropadan kelgan yuklarni savdogarlar shu yerda o‘zaro ayirboshlashgan. Shu yerda Janubiy hindu-xitoy davlatlariga savdo yo‘llari bo‘lgan.

Xo‘sh, bugunchi?

—Ilgari transport yo‘nalishi asosan Sharqdan-G‘arbga, ya’ni Xitoy-Yevropa va aksincha bo‘lsa, so‘nggi yillarda yangi yo‘nalish tez sur’atlarda rivojlanib bormoqda, — deydi “MFA Lojistik” kompaniyasi vakili Eduard Alirizayev. — Bu Shimol-Janub yo‘nalishidir. Markaziy Osiyo davlatlari esa shu yo‘nalishning muhim nuqtasida joylashgan. Bilamizki, Turkiyadan bu mintaqaga juda katta hajmdagi avtotransportda jo‘natilmoqda. Holbuki, temir yo‘l arzon va qulay.

Bunday e’tirof va takliflar O‘zbekiston Respublikasining turkiy davlatlar tashkilotiga raisligi doirasida “Turkiy davlatlar o‘rtasida temir yo‘l transport bog‘liqligi: Farg‘ona vodiysi — Anadolu xalqaro forumi” minbaridan aytildi. Uning ishida Turkiya, Qirg‘iziston va O‘zbekiston temir yo‘l kompaniyalari, 120 dan ziyod xususiy sektor vakillari, davlat idoralari, eksporter va ishlab chiqaruvchilar ishtirok etishdi. Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning ta’kidlashicha, 2022 yilda viloyat 900 mln. dollarlik mahsulot eksport qilgan va uning aksariyatida avtotransport xizmatidan foydalanilgan. Qo‘shni viloyat va davlatlar import-eksport hajmi ham salmoqli raqamlarda aks etadi.

—Forumni aynan Farg‘ona vodiysi — Anadoli deb atalishi bejiz emas. Chunki bu ikki hudud turkiy davlatlar o‘rtasidagi uzoq nuqtalardan biridir, — deydi Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari Mirvohid Azimov. — Bu orada davlatlarni bog‘laydigan uchta yo‘nalish bor: o‘rta yo‘nalish, ya’ni Transkaspiy yo‘lagi, Janubiy va Shimoliy yo‘nalish.

Forum ishida so‘zga chiqqan tadbirkor va tujjorlar bojxona rasmiylashtiruvi, konteynerlar harakati, chegara ko‘rigi kabi muammolar xususida ham gapirdilar. Tashkilotchilar barcha masalalarda aniq javob berishdi.

—Maqsad logistika sohasida ishlaydigan kompaniyalar, logistik markaz vakillarini xususiy sektor bilan bog‘lab eksport-import jarayoniga qulay platforma yaratishdir, — deydi Mirvohid Azimov.

—Tijorat muvaffaqiyati logistika bilan bog‘liqligini barcha ishlab chiqaruvchi va tujjorlar biladilar, — deydi “Bulak” (Turkiya) kompaniyasi  bosh direktori Aybek Sarigul. — Shuning uchun ham, “Farg‘ona vodiysi — Anadolu forumi” katta ahamiyatga ega. Biz eksport-import qiluvchi tadbirkorlar, tujjorlar temir yo‘l kompaniyalari bilan shartnomalar tuzishga erishdik. Turkiyadan O‘zbekistonga va aksincha endi yuklarimizni temir yo‘l orqali jo‘natamiz.

Turkiy davlatlar Samarqand sammitida ham ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning logistik imkoniyatlari cheksiz. Hozirdanoq undan foydalanish boshlab yuborildi.

—O‘tgan yili Turkiyadan O‘zbekistonga ilk bor temir yo‘l qatnovini amalga oshirdik. O‘zbekiston orqali Qirg‘iziston va Tojikistonga yuklarni yetkazib beryapmiz. Ilgari bunaqasi bo‘lmagan, — deydi Eduard Alirizayev. — Turkiy davlatlar o‘rtasida temir yo‘l munosabatlari rivojlanishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘rni juda kattadir.

“Farg‘ona vodiysi — Anadolu xalqaro forumi” hech shubhasiz turkiy davlatlarni bog‘lovchi temir yo‘l taraqqiyotida yangi sahifa ochdi.

Muhammadjon Obidov.

Elyor Olimov.