Bu haqida Samarqand shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha brifingda ma’lum qilindi.

Brifingda Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev va MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev Qirg‘iz respublikasi raisligida o‘tkazilayotgan bu yilgi tadbirlar hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasidagi har tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash va keng ko‘lamda davom ettirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Samarqandda tashkil etilgan tashqi ishlar vazirlari kengashining bu yilgi birinchi yig‘ilishi ham muvaffaqiyatli o‘tgani va muhim kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.

– Avvalo, tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilgani va yuksak mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildiraman, – dedi Jeyenbek Kulubayev. – Tor doiradagi uchrashuvimiz chog‘ida hamdo‘stlik doirasidagi hamkorligimiz hamda xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashdik, bir qator muhim masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. Kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishimizda ham ko‘plab masalalar qatorida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldik. Kengash qarori bilan 2023 yilda Belarus Respublikasining Minsk shahri hamdo‘stlikning “Sport poytaxti” deb e’tirof etildi. 2024 yilda bu maqom Armanistonning Gyumri shahriga beriladi. Shuningdek, 2024 yilda Samarqand MDHning “Madaniy poytaxti”, Toshkent shahri esa “Yoshlar poytaxti” bo‘ladi. Hamdo‘stlik mamlakatlari uchun jurnalist kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun bazaviy oliy o‘quv yurti sifatida Rossiya Federatsiyasining Xalqlar do‘stligi universiteti tanlandi.

Shuningdek, bugun hamdo‘stlik davlatlaridagi salomatlik bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida spartakiada tashkil etishga qaror qildik va dastlabki shunday musobaqa 2024 yilda Rossiyada o‘tkaziladi. Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi 12 oktyabr kuni Bishkekda bo‘ladi. 13 oktyabr kuni esa shu shaharda MDH davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi, 27 oktyabr kuni esa hukumat rahbarlari majlisi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, joriy yilda MDH davlatlari vazirlik va idoralari, turli tuzilmalar ishtirokida 80 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Brifingda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi majlisi belgilangan kun tartibiga to‘la amal qilgan holda yuksak saviyada o‘tgani, tashkilot istiqboli va unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi turli sohalarga oid aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini ta’kidladi.

– Keyingi yillarda tashkilotimiz ishini yanada rivojlantirish va a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda O‘zbekiston faol ishtirok etayotganini alohida qayd etishni istardim, – dedi S.Lebedev. – Ayniqsa, keyingi ikki yilda yirik xalqaro forumlar maydoniga aylanib borayotgan Samarqandda bir necha bor uchrashdik. bugungi anjuman ham yuqori saviyada tashkil etilganini barchamiz e’tirof etamiz. Buning uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. Shu nuqtai nazardan, MDH doirasida 2024 yilda Samarqand “Madaniy poytaxt” va Toshkent esa “Yoshlar poytaxti” deb e’tirof etilishi bejiz emas. Fursatdan foydalanib, O‘zbekistonda yaqinda o‘tkaziladigan referendum muvaqqiyatli o‘tishini tilayman va ushbu siyosiy tadbirda ham MDH kuzatuvchilar missiyasi faol ishtirok etishini bildiraman.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA.