KONSTITUSIYA — XALQ PASPORTI

Shu kunlarda Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar islohoti yurtimizdagi eng muhim siyosiy jarayonlardan biri bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum joriy yil 30 aprel kuni o‘tkaziladi. Aytish joizki, bu loyiha xalqimiz tomonidan eng ko‘p takliflar bildirilgan, xalqaro ekspertlar fikrlari inobatga olingan hujjat bo‘ldi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilayotgan normalarning yarmidan ko‘pi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Masalan, ilk marotaba asosiy qonunda fuqarolarning aybdor deb topilishi, qo‘lga olinishi hamda sud jarayonlari, shuningdek, mahkumning hayoti va uning yaqinlariga ta’sir ko‘rsatadigan huquqiy oqibatlarning oldini olish bilan bog‘liq aniq moddalar kiritilyapti.

Bu esa o‘z navbatida, Konstitutsiyada davlat hokimiyati o‘z faoliyatida qonun bilan cheklanishini, suveren xalq irodasiga bo‘ysunishini, shaxsning huquq
va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutuvchi huquqiy davlatning
barcha belgilari o‘z ifodasini topayotganidan dalolat.

Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak. Bu eng muhim bo‘lgan «aybsizlik prezumpsiyasi» prinsipi amalda ro‘yobga chiqarilishining kafolatidir.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada «aybsizlik prezumpsiyasi» qanday ifodalanadi?

Avval, «aybsizlik prezumpsiyasi» iborasiga ta’rif bersak, bu – aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha, uni aybsiz deb faraz qilish.
Darhaqiqat, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas yoki o‘zini aybdor deb ko‘rsatish ham qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlanmaguncha uni aybdor deb bo‘lmaydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ayni mazmun aniq asoslar bilan keltirilgan. Ya’ni, shaxsning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan belgilanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi.

Shunday ekan, endi shaxsni aybdor deb topishga faqat sud vakolatli ekani «aybsizlik prezumpsiyasi»ning oltin qoidalaridan biri hisoblanadi. Konstitutsiyaga aybsizlik prezumpsiyasiga oid yana bir muhim norma qo‘shilmoqda. Ya’ni, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligining belgilanishi sud va tergovda shaxs manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha yangi kafolatlar taqdim etadi.
Gap shundaki, shaxsning aybiga oid dalillar yetarli bo‘lmaganda, uning o‘z aybiga iqror bo‘lgani to‘g‘risidagi yagona dalil bilan cheklanish holatlari ham mavjud edi. Shu bois, Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar davlat-inson o‘rtasidagi munosabatlarga oid huquq va majburiyatlarga alohida e’tibor qaratish tarafdori ekanini anglatadi.

Sudlanuvchining yaqin qarindoshlari taqdiri! 

Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi. Respublikamizda istiqomat qilayotgan fuqarolar Konstitutsiyaning 28-moddasiga kiritilayotgan ayni yangilikni ulkan quvonch bilan qarshi olmoqda, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Boisi, ilgari jamoatchilikda davlat fuqarolik xizmatiga kiruvchilarga, umuman, davlat ishiga qabul qilinish jarayonida bevosita turli cheklovlar bor, degan fikrlar paydo bo‘lardi. Bu sudlangan fuqarolarning yaqin qarindoshlariga nisbatan huquqiy taraflama belgilanadigan cheklovlar edi.

Darvoqe, oldin Konstitutsiyamiz qoidalarida yoki boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlarda shaxs qilmishi uchun uning oila a’zolari jabr ko‘rishi holatlarini uchratish mumkin edi, afsuski, bunga amal qilinardi.

Endi bunday emas! Shaxsning sudlangani uning yaqin qarindoshlariga hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi, deya yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda e’tirof etilgani quvonarli hamda inson huquqi va kasbiy faoliyatiga bo‘lgan hurmat, demakdir.

Aniqroq tushuntiradigan bo‘lsak, siz qaysidir davlat tashkilotiga ishga kirayotgan bo‘lsangiz-u, sizning yaqin qarindoshingiz muqaddam sudlangan bo‘lsa, buning sizga nisbatan hech qanday salbiy ta’siri bo‘lmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, inson huquq va erkinliklari O‘zbekiston Respublikasining asosiy qonuni bilan kafolatlanadi.

Tarixga nazar tashlasak, sudlangani munosabati bilan shaxs huquqlarini asossiz cheklash mumkin emasligi BMTning 1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt normalarida umumiy holda belgilangan.

Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmasligi umumiy holda Polsha, Serbiya, Ispaniya, Xorvatiya, Sloveniya va boshqa davlatlar qonunlarida ham mustahkamlangan.

Xulosa shuki, rivojlangan demokratik davlatlarda hech bir shaxs o‘z ijtimoiy-shaxsiy hayotini, huquq va qonunda belgilangan manfaatlarini himoya qilishni Konstitutsiyasiz tasavvur qila olmaydi, shuning uchun mamlakatimizdagi har bir fuqaro yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini chuqur anglab olishi zarur.

 

Barqaror rivojlanish markazi
nodavlat notijorat tashkiloti bilan
hamkorlikda tayyorlandi.

O‘zA