O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari Nukus davlat universitetida Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirida ishtirok etib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xususida atroflicha fikr bildirdilar.

Jumladan, universitet talabalari Konstitutsiya loyihasida aks etayotgan yoshlarning ta’lim olishi, bandligini ta’minlash, iqtidori, salohiyatini yuzaga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga oid normalar bilan tanishtirildi.

— Bolalar mehnati, talabalarni majburiy mehnatga jalb qilish… Biz bu jarayonlarni boshimizdan kechirganmiz. 1-sinfligimizdayoq paxta dalalariga chiqib, qor tagida qolgan paxtalarni terganmiz. Yangi o‘quv yili boshlanib-boshlanmay, paxta dalalariga chiqib ketar edik. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga oid normalar kiritilgani alohida e’tiborga molik. Jumladan, 44-moddasida  majburiy mehnat taqiqlanishi, ayniqsa, bolalarni majburiy mehnatga jalb etishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda. Bu boradagi normalar barchamizni birdek quvontirdi. So‘nggi yillarda yurtimizda bolalar ham, talabalar ham, ijtimoiy soha vakillari ham majburiy mehnatga jalb etilmaydigan bo‘ldi. Endilikda bu konstitutsiyaviy qonun darajasida mustahkamlab qo‘yilayotgani alohida e’tiborga sazovor, — dedi Feruza Muhammadjonova.

Tadbirda deputatlar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Shuningdek, bu kabi targ‘ibot tadbirlari Xorazm viloyatining qator hududlarida, ijtimoiy soha muassasalarida ham tashkil etilib, yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmuni tushuntirildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA