Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga qarashli Respublika bolalar kutubxonasida “Kitobxonlik festivali” doirasida umumta’lim maktab o‘quvchilari va maktab kutubxonachilari o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida “Kitobxonlik haftaligi” bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, barcha shahar va tuman umumta’lim maktablarida viktorina o‘yinlari, uchrashuv kechalari, kitob taqdimotlari, har xil ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi.  “Ochiq eshiklar kuni”,  “Kutubxona bo‘ylab sayohat» tadbirlariga Nukus shahri va Nukus tumanidagi  bir qator umumta’lim maktablari o‘quvchilari  taklif etildi.

Kutubxona foyesida  “Keling, qiziqarli kitob o‘qiymiz”, “Navro‘z – mehr-muruvvat bayrami” mavzularida kitob ko‘rgazmalari tashkil etildi.  Barcha shahar va tuman umumta’lim maktablari kutubxonachilari ishtirokida ijtimoiy tarmoqdagi “Kutubxonalarga metodik yordam” guruhida “Barkamol avlod tarbiyasida kitob mutolaasi madaniyatining ahamiyati” mavzusida Nukus shahar xususiylashtirilgan psixologik maslahat markazi tajribali psixologlari ishtirokida videochat orqali  vebinar suhbat tashkil etildi. Unda 85 nafar kutubxonachi ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Bolalar kutubxonasida “Adabiyot haqida o‘ylar”, “Men o‘qigan kitob” mavzularida adiblar bilan uchrashuvlar, faol kitobxon o‘quvchilar ishtirokida “Sehrli shar”, “Kitob lotto”, “Aqlli kitob” intellektual o‘yinlari tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar  Mahkamasining 2022 yil 14 dekabrdagi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, o‘quvchilarning ma’naviyatini yuksaltirish, madaniy saviyasini rivojlantirish hamda kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishlarini uyg‘otish, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va darsdan tashqari faoliyat ko‘rsatayotgan kitobxonlik to‘garaklaridagi o‘quvchilar qamrovini oshirish maqsadida tashkil etilgan “Kitobxonlik festivali” doirasida 2 ming 862 turli mavzularda  tadbir va ko‘rik-tanlov o‘tkazilib, ularda  27 ming nafarga yaqin o‘quvchi yosh ishtirok etdi.

Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida festival doirasida o‘tkazilgan “Eng kitobxon maktab”, “Eng  faol kitobxon o‘quvchi”, “Ijodkor bolalar”, “Eng kitobxon oila” ko‘rik-tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.

Jumladan, “Eng kitobxon maktab” tanlovida Taxtako‘pir tumanidagi 3-sonli umumta’lim maktab jamoasi, “Eng  faol kitobxon o‘quvchi” tanlovida Xo‘jayli tumanidagi 10-sonli umumta’lim maktabning 9 sinf o‘quvchisi  Alfiya  Yeshbayeva, “Ijodkor bolalar”  tanlovida  To‘rtko‘l  tumanidagi 45-sonli  maktabning  11-sinf o‘quvchisi Gulruxsor Tohirjonova, “Eng kitobxon oila” tanlovida Nukus shahar  34-sonli umumta’lim maktabidan Kazakovlar oilasi birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, “Eng yaxshi slayd taqdimoti”,  “Eng zukko kitobxon o‘quvchi”, “Eng yosh kitobxon oila», “Eng hozirjavob oila”, “Eng namunali oila”, “Eng ma’naviyatli oila” va “Eng fidoyi oila” nominatsiyalari g‘oliblari aniqlandi.

G‘oliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplomlar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA