Turkiya va Gretsiya yetakchilari Rejep Tayyip Erdog‘an va Kiriakos Mitsotakis Anqara va Afina o‘rtasidagi munosabatga oid, kelgusida amal qilinadigan “Yo‘l xaritasi”ni, shuningdek o‘zaro savdo aylanmasi hamda G‘azo sektoridagi vaziyatni muhokama qiladi, deb yozdi “Hürriyet” gazetasi.

Turkiya yetakchisining 2023 yil dekabrda Afinaga qilgan tashrifiga javoban, Mitsotakis 13 may kuni Anqaraga keldi. Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, oliy darajadagi uchrashuv kun tartibidan iqtisodiyot, transport, fan, texnologiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, sog‘liqni saqlash hamda gumanitar sohada hamkorlikni kengaytirish masalalari joy olgan.

Mamlakatlar o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi hozir 6 milliard dollarni tashkil etgan, kelgusida ushbu miqdorni 10 milliard dollarga yetkazish muhimligi ta’kidlanmoqda.

Erdog‘an Mitsotakisga mintaqaviy va xalqaro voqealar, ayniqsa Isroil – Falastin mojarosiga nisbatan qarashi, Turkiya diplomatiyasi haqida ham so‘zlab bergan. Shuningdek, sog‘liqni saqlash va tibbiy fanlar sohasi hamda tabiiy ofat va favqulodda vaziyat chog‘i birgalikda harakat qilish bo‘yicha bitim imzolanishi aytilmoqda.

NATO bo‘yicha ittifoqchi bo‘lgan Gretsiya va Turkiya uzoq davom etgan sovuqchilikdan keyin munosabatni tiklay boshladi. 2023 yil 7 dekabr kuni Afinada Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an bilan Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis o‘rtasida uchrashuv hamda hamkorlik bo‘yicha Oliy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muloqot natijasi o‘laroq, do‘stona munosabat va yaqin qo‘shnichilik to‘g‘risida Deklaratsiya hamda turli darajadagi yana 15 ta hujjat imzolangan.