“O‘zbekiston respublika valyuta birjasi” AJ matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2023 yilning 27-31 mart kunlari valyuta bozorida 6,90 trln. so‘m miqdorida bitimlar tuzilgan.

2023 yil 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan savdolar natijalariga ko‘ra, AQSH dollarining so‘mga nisbatan o‘rtacha tortilgan kursi 11 404,65 so‘m darajasida belgilandi. O‘tgan haftaning oxiriga nisbatan o‘zgarish 0,22 foizni tashkil etdi.

Joriy yil boshidan valyuta bozorida amalga oshirilgan bitimlar umumiy hajmi 113,03 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 54,74 foizga oshgan.

Hafta yakunlariga ko‘ra, pul bozorida 7,45 trln. so‘mlik bitimlar tuzildi. Bunda, mablag‘larni jalb qilish – joylashtirish bo‘yicha banklararo operatsiyalar hajmi 4,92 trln. so‘mni va Markaziy bankning depozit auksionlari hajmi 2,53 trln. so‘mni tashkil etdi. Joriy yil boshidan buyon pul bozoridagi operatsiyalar umumiy hajmi 115,28 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos ko‘rsatkichiga nisbatan 140,75 foizga oshdi.

Qarz bozorida esa hafta yakunlariga ko‘ra, davlat qimmatli qog‘ozlari bilan tuzilgan bitimlar 0,93 trln. so‘mni tashkil etdi. Birlamchi auksionlar hajmi 0,30 trln. so‘m, ikkilamchi bozorda tuzilgan bitimlar 0,05 trln. so‘m va REPO operatsiyalari hajmi 0,57 trln. so‘mga teng bo‘ldi.

Joriy yil boshidan qarz bozorida tuzilgan bitimlar umumiy hajmi 19,92 trln. so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos ko‘rsatkichiga nisbatan 17,86 foizga ko‘pdir.

O‘zA