Yurtdoshlarimiz muhim siyosiy jarayon – referendum arafasida turibdi. Bu tadbir shunchaki ovoz berish emas, balki xalqimiz hayotida yangi sahifa ochishi kutilmoqda. Chunki yangilangan Konstitutsiyada fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish darajasi bir necha marta oshirilmoqda.

Bu huquqlar nimalardan iborat? Buni har bir yurtdoshimiz bilishi, muhimi, tushungan holda referendumda ishtirok etishi kerak.

Oliy Majlis Senati a’zolari shu nuqtai nazardan yurtimizning barcha hududlarida bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqotlar qilmoqda. Bunday tadbirlarda nafaqat yangi me’yorlar tushuntirilmoqda, balki aholi turmush darajasi ham o‘rganilmoqda, odamlar bilan samimiy suhbatlar o‘tkazilmoqda. O‘z navbatida, muammolar uchraganda ularni hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, Senat Raisi Tanzila Norboyeva avval Toshkent shahri, viloyati aholisi bilan muloqotlar olib borgan bo‘lsa, endilikda bunday tadbirlarni viloyatlarda davom ettirmoqda.

Farg‘ona viloyatida mahalliy kengash deputatlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, profilaktika inspektorlari va xotin-qizlar faollari, professor-o‘qituvchilar, talaba yoshlar hamda jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalariga muvofiq mahallaga yangi vakolat va ishonch berilayotgani, aholining har bir qatlami bilan uning moliyaviy asosini yaratish ustida ish olib borilayotgani e’tirof etildi.

Konstitutsiyaning boshqa normalari, xususan, Senat va mahalliy kengashlarning hamkorligini kuchaytirish, inson huquqlari ustuvorligi, ochiqlik siyosati borasidagi yangiliklar yuzasidan ham qizg‘in fikr almashildi. O‘z navbatida, deputatlar yangi tahrirdagi hujjatga aholining qiziqishi yuqori ekanligini, undagi normalar, xususan, insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati yanada kuchaytirilayotganini e’tirof etdi.

Muloqot chog‘ida mahalliy kengash deputatlari bir vaqtlar e’tiqod erkinligi borasida to‘siqlar bo‘lgani, hozirda esa bu borada mutlaqo yangicha siyosat yuritilayotganiga e’tibor qaratdi.

Ijobiy o‘zgarishlardan mamnun bo‘lgan fuqarolar o‘zi va kelajak avlodlarning taqdiriga befarq bo‘lmay, 30 aprelda o‘tkaziladigan referendumda faol ishtirok etish niyatida ekanligi aytib o‘tildi.

Senat Raisi Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan zamonaviy kasblar fabrikasi hisoblangan Raqamli texnologiyalar markazida bo‘ldi. IT-Parkning Farg‘ona viloyatidagi filiali hisoblangan mazkur markazda zamonaviy kasblarga o‘qitish, shu orqali yoshlar va ayollar bandligini ta’minlashga hissa qo‘shilmoqda.

Taqdimotlar bilan tanishuv jarayonida T.Norboyeva 6-sinf o‘quvchisi Intizor Botirova bilan suhbatlashdi. Muloqot chog‘ida qizaloq zamonaviy kasbi ortidan AQSH, Fransiya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlardan buyurtmalar olib, daromad ko‘rayotganini so‘zlab berdi.

Marg‘ilon shahridagi “Oltin ipak karvon-saroyi” turistik markaz faoliyati bilan tanishish vaqtida usta hunarmandlarga Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, ularga yaratilgan munosib mehnat sharoitlari va to‘lanayotgan ish haqlari yuzasidan suhbatlashildi.

Ma’lumki, yangilanayotgan Konstitutsiyada tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, adolatli soliq tizimini yo‘lga qo‘yish, monopolistik faoliyatni cheklash orqali tom ma’noda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asos yaratilmoqda.

Ayni shu maqsadda Senat Raisi boshchiligidagi ishchi guruh qadimiy shaharlardan biri bo‘lgan Qo‘qon shahrida Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasining investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

350 nafar kishini ish bilan ta’minlagan korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Korxona rahbari va xodimlari bilan o‘tkazilgan suhbatda so‘nggi yillarda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi yangi bosqichga ko‘tarilgani, ularning huquqlari yangilanayotgan Konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yilayotgani, referendum har bir inson taqdirida muhim rol o‘ynashi aytib o‘tildi.

Nuroniylar, yoshlar bilan uchrashuvlar ham samimiy va qizg‘in kechdi. Muhimi, har bir yurtdoshimiz jamiyatda kechayotgan jarayonga befarq emasligi, ularda daxldorlik tuyg‘usi yuqori ekani ayon bo‘ldi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA