Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Shveysariyaning Jeneva shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Ayni vaqtga qadar rejaga ko‘ra, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Xususan, bugun J.Xo‘jayev Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning JSTga qabul qilinishini tezlashtirish masalasi, jumladan, joriy yil 14-15 mart kunlari ishchi guruhning 6-yig‘ilishini o‘tkazish imkoniyati muhokama qilindi. Jarayonni jadallashtirish maqsadida barcha a’zo davlatlar bilan tovar va xizmat bozoriga kirib borish yuzasidan ikki tomonlama muzokaralarni faollashtirish, muloqotlar yakuni bo‘yicha tegishli bayonnomalar imzolash zarurligi qayd etildi.
JST Bosh direktori hukumatimiz tomonidan JSTga qo‘shilish maqsadida olib borilayotgan sa’y-harakatni, jumladan, yirik a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikamizning faolligi, tashabbuskorligi tufayli mavjud hamkorlik ijobiy o‘sish sur’atini namoyon qildi.
Jenevada kun tartibidan o‘rin olgan O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruh 6-yig‘ilishida ikki kun davomida respublika savdo rejimining barcha jihatlariga taalluqli 10 dan ziyod yangi hujjat ko‘rib chiqiladi.
O‘zA