Toshkentda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti alohida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning “yashil” usullarini rivojlantirish bo‘yicha “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” global harakatlar dasturini amalga oshirish doirasida “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yaxshilash uchun innovatsion yondashuvlar” loyihasi kirish seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha maqsad va vazifalari haqida so‘z yuritildi.
2022 yil noyabrda Rimda FAOning “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” global harakatlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha mamlakat loyihalari rasmiy ravishda ishga tushirilgan edi. Asosiy maqsad – barqaror oziq-ovqat qiymati zanjirini yaratish, oilaviy hamda mayda fermer xo‘jaliklarini daromad olish va turmush darajasini yaxshilash, kimyoviy vositalar va tabiiy resurslardan foydalanishni minimallashtirish.
Birinchi bosqichga yetmishdan ziyod talabgor mamlakatlardan loyihani amalga oshirish uchun beshta davlat aniqlandi. Ular orasida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi vakili – O‘zbekiston ham gilos yetishtirishni rivojlantiryapti.
Qayd etilishicha, mazkur loyiha joriy yil oxiriga qadar yakunlanishi lozim. Tanlab olingan davlatlar alohida qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqarishda to‘plagan tajribasi, innovatsiya va texnologiyalari bilan o‘rtoqlashadi.
– O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 180 ming tonnagacha gilos yetishtiriladi, – dedi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov. – Agroekologik sharoitlar butun mamlakat bo‘ylab kichik fermerlarga kimyoviy moddalardan minimal darajada foydalangan holda gilos yetishtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, gilos ko‘p tarmoqli va barqaror dehqonchilik tizimini, shuningdek, agroo‘rmonchilik va o‘rmon yaylovchiligini rivojlantiradi.
Seminarda kichik fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” global harakatlar dasturini joriy etishning ahamiyati xususida so‘z yuritdi. Shuningdek, O‘zbekistonda loyihani amalga oshirish doirasidagi asosiy tadbirlar va kutilayotgan natijalar muhokama qilindi.
– Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari, ekspertlar va yuqori martabali shaxslar O‘zbekistonda dasturni joriy etishni qat’iy qo‘llab-quvvatlab, gilos qiymat zanjiri barqaror rivojlanishi uchun yashil texnologiyani ilgari surish bo‘yicha muhim qadamlarni belgilab berganidan mamnunmiz, – dedi O‘simlikshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish (NSP) bo‘limi direktori Sya Szin’yuan.
Anjuman yakunida mutaxassis loyiha muvaffaqiyatli o‘tganini, milliy ishchi guruh a’zolari va o‘zbekistonlik barcha hamkasblarga mashg‘ulotda namoyish etilgan yaxshi tashkilotchilik uchun minnatdorlik bildirdi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA