Bu haqda kuni kecha Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda Jahon meteorologiya tashkilotining (JMT) rasmiy vakili Kler Nyullis ma’lum qildi.

«Antarktikada dengiz muzliklari hajmi fevral oyida iqlim o‘zgarishi va ob-havo kuzatuvi boshlangandan buyon eng past darajani ko‘rsatmoqda», – dedi ekspert. BMTning ixtisoslashgan muassasasi hisoblangan Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyi oxirida dengiz muzliklari maydoni 1,83 million kvadrat kilometrni tashkil etgan. Bu 2022 yil fevral oyidagi rekord darajada mavsumiy qisqarishdan ham 93 ming kvadrat kilometrga kamdir.

Arktikada esa dengiz muzliklari maydoni 1981 yildan to 2010 yilgacha bo‘lgan o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,12 million kvadrat kilometrga kam.

JMT vakilining ushbu raqamlarga izoh berib aytishicha, muzliklarning bunday tez erishi ob-havoning tabiiy o‘zgarishi natijasimi yoki yangi uzoq muddat davom etadigan  tendensiyami,  avvaldan aytish mushkul.