Bugun, 11 mart kuni mamlakatimiz sport gimnastikachilari Ozarbayjonda davom etayotgan jahon kubogida medallar uchun kurashga kirishsa, og‘ir atletika va ot sporti vakillari Eronda boshlanayotgan 1-xalqaro Navro‘z olimpiadasida, taekvondochilarimiz Niderlandiyadagi nufuzli turnirdagi ishtirokini boshlaydi.
Boku shahrida o‘tayotgan sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogining uchinchi bosqichida bugun final bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu kun dasturida mahoratli sportchimiz Oksana Chusovitina tayanib sakrash, Rasuljon Abdurahimov brus dasturida g‘oliblik uchun bahslarga kirishadi.
Eron poytaxti Tehron shahrida 14 martga qadar davom etadigan 1-xalqaro Navro‘z olimpiadasida Yana Pavliva, Sofiya Li hamda So‘g‘diyona Nozimjonova ot sportining konkur yo‘nalishida bugun o‘z omadlarini sinab ko‘radi. Og‘ir atletikachilarimiz Nigora Abdullayeva (55), Sevinchoy Komilova (71), Rigina Adashboyeva (81) hamda Tursunoy Jabborova (+81) vatanimiz sharafini himoya qilishadi.
Shuningdek, bugun Niderlandiyada taekvondo WT bo‘yicha boshlanayotgan “Dutch Open” xalqaro musobaqasining ilk janglarida iqtidorli sportchilarimiz Ulug‘bek Rashitov, Niyaz Pulatov, Jasur Jaysunov, Nikita Rafalovich, Madinabonu Mannopova, Feruza Sodiqova va Svetlana Osipova ishtirok etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA