Nukusda Prezidentimizning “2020 – 2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda mazkur qaror ijrosi doirasida  maxsus dastur qabul qilingani, unda belgilangan vazifalar asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Jumladan,  investitsiya dasturi bo‘yicha 1 ming 359 ta loyihani amalga oshirish orqali 17 ming 561 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan bo‘lib, amalda 1 ming 335 ta loyiha amalga oshirilib, 10,4 trillion so‘m o‘zlashtirilgan. Shuningdek, 1 ming 247 ta loyiha to‘liq ishga tushirilib, 13  ming 195 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan. 2022 yilda davlat va hududiy investitsiya dasturlari doirasida 844 ta loyihani ishga tushirish orqali 14 ming 769 ta yangi ish o‘rnini yaratish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 960 ta loyiha ishga tushirilib, 16  ming 204 ta ish o‘rni yaratilgan.

Ta’kidlanganidek, 2023 yilda 113 ta loyihani amalga oshirish va 2 ming 224 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Hozirda ushbu loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ishlar tizimli tashkil etilgan. Qarorga muvofiq, 45 ta mahalla  sharoiti og‘ir toifaga qiritilgan bo‘lib, batafsil rejalashtirish loyihalarini o‘z ichiga olgan bosh reja sxemalari ishlab chiqilgan. Hozirda ushbu mahalla va ovullarda 78,1 kilometr elektr uzatish tarmog‘i tortilib, 41 ta transformator punkti, 1 ming 714 ta beton ustun o‘rnatilgan.

Shuningdek, 11 ta gaz taqsimlash punkti texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, bo‘yoqlash ishlari bajarilgan va  9 kilometr gaz tarmog‘i va 73 kilometr ichimlik suv tarmog‘i mukammal  ta’mirlangan. Ushbu maqsadlarga 21 milliard 641 million so‘m yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, 8 ta mahalla binosi yangidan qurilgan, 8 tasi ta’mirlangan, 45 tasi kompyuter texnikasi va mebel jihozi bilan to‘liq ta’minlangan hamda 45 ta mahalla va ovulda 447ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilingan.

2023 yilda 5 ta mahalla va ovul uchun yangi ma’muriy bino qurish, shundan 3 tasini kompyuter texnikasi va mebel jihozlari bilan ta’minlash, 8 ta mahalla va ovul uchun ma’muriy binolarni rekonstruksiya qilish, shundan 6 tasini kompyuter va mebel jihozlari bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, respublika byudjetining 11,2 milliard so‘m mablag‘i hisobidan 12 ta mahalla va ovulda 32 kilometr suv tarmog‘ini va 9 ta suvni chuchuklantiruvchi stansiya qurish, 4,9 milliard so‘m mablag‘ hisobidan To‘rtko‘l tumani “Paxtachi” ovul fuqarolar yig‘inida 15,9 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini qurish va rekonstruksiya qilish, xalqaro moliya institutlarining 33,1 milliard so‘m mablag‘i hisobidan  Qorao‘zak tumanidagi “Qorao‘zak” va Qo‘ng‘irot tumanidagi “Ustyurt” ovul fuqarolar yig‘inlari hududlarida ichimlik suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish  ishlarini, mahalliy byudjetning 4,6 milliard  so‘m mablag‘i hisobidan 45 ta mahalla va ovulda 32,7 kilometr avtomobil yo‘lini ta’mirlash, ushbu mahalla va ovullarda 6 ming 538 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi past toifaga kiritilgan Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Shumanay tumanlarida yangidan tashkil etiladigan sanoat yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub’ektlari 2024 yil 1  yanvarga qadar yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, kichik korxonalar aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy miqdordagi daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilingani qayd etildi. Shuningdek, foyda solig‘i va suv solig‘i to‘lovi amaldagi belgilangan soliq stavkalarining 50 foizi miqdorida amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan va faqat o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan asbob-uskuna, butlovchi va ehtiyot qismlar uchun bojxona boji to‘lashdan ozod qilingan. 2022 yilda 27 ta tadbirkorlik sub’ekti 38 ta holatda 1  milliard 336,4 million  so‘m soliq imtiyozidan foydalangan. Ushbu mablag‘lar tadbirkorlar ixtiyorida qolgan.

O‘tgan davr mobaynida 131 ta infratuzilma va ijtimoiy ob’ektda qariyb 1 trillion so‘mlik ishlar amalga oshirilgan. Ushbu mablag‘lar  avtomobil yo‘llari, elektr energiyasi, ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga yo‘naltirilgan.

Yig‘ilishda qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan qatorda  ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilganligi qayd etildi.  Jumladan, ayrim ob’ektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari oxiriga yetkazilmagan,  mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan qator ob’ektlar bo‘yicha mablag‘ ajratilishi kechiktirilgan. Infratuzilma va ijtimoiy ob’ektlar hamda yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ob’ektlarida kechiktirilgan ishlarning bajarilishini tezlashtirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlariga 2023 yilda ishga tushirilishi lozim bo‘lgan loyihalarni monitoring qilib borish, belgilangan vazifalar ustidan qat’iy deputatlik nazoratini o‘rnatish, yuzaga kelgan muammolar yuzasidan deputatlik  amaliyotidan keng foydalanish orqali hal etish choralarini ko‘rish, amalga oshirilayotan ishlar yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilib borish  vazifasi topshirildi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA