“V International Tashkent Marathon” va O‘zbekistonning 14 hududida bir vaqtda o‘tkaziladigan “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etgan anjumanda poytaxtimizda bo‘ladigan “V International Tashkent Marathon”da 5 ming 500 nafar ishtirokchi qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tganligi, ular orasida 34 ta davlatdan yuguruvchilar ishtirok etish uchun ariza topshirgani qayd etildi.
Anjuman davomida yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov marafonda sportchilar “Parij-2024” Olimpiadasiga taqdim etiladigan reyting ochkolari uchun kurash olib borishi sababli xorijiy mamlakatlarda Toshkent xalqaro marafoniga qiziqish yuqori bo‘lishini ta’kidladi.
Marafon ishtirokchilari orasida bir qator Osiyo o‘yinlari sovrindorlari, jahon chempionati ishtirokchilari, o‘tgan marafon va yarim marafon musobaqalarida sovrindor bo‘lgan Zakrillo Mamatqulov va Vladislav Mamedov, Shohrux Davlatov, Aziza Mirzakbarova va Yekaterina Tunguskova, 10 ming metrga yugurish bo‘yicha O‘zbekiston rekordchisi Sitora Hamidova singari mahoratli sportchilarning borligi qayd etildi.
“Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda, birga yuguramiz” yagona shiori ostida o‘tadigan tadbirlar 75 ming nafardan ziyod ishtirokchini qamrab olinayotgani ham o‘ziga xos voqelik bo‘lmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mas’ul sport rahbarlari qatnashgan matbuot anjumanida yurtimiz bo‘ylab “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqalari turli yoshdagi insonlarni birlashtirish imkonini berishi aytib o‘tildi.
Bu ijtimoiy harakat aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirishga qaratilgan. Loyiha doirasida O‘zbekistonning shahar va tumanlarida xayriya ommaviy yugurish musobaqalari, sport tadbirlari, bayram dasturlari, turli ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etiladi. Musobaqada natija ko‘rsatgan ishtirokchilar esdalik sovg‘alari va qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlanadi.
Hududlarda o‘tkaziladigan “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqalari poygalariga Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tayyorlangan 250 nafar malakali hakam va murabbiylar hamda 300 nafarga yaqin ko‘ngillilar jalb etiladi.
Mutasaddilar jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida 11 mart kuni bo‘lib o‘tadigan “V International Tashkent Marathon” arafasida «Paxtakor» stadionida faol hayot tarzini qo‘llab-quvvatlovchi ikki avlodni birlashtirgan “Kids Run” bolalar ommaviy yugurish musobaqasi va skandinavcha yurish musobaqasi o‘tkazilishi haqida ham so‘z yuritishdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA