Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universitetida yangi o‘quv-amaliyot binosi foydalanishga topshirildi. Ta’kidlash o‘rinliki, zamonaviy mezonlar asosida qurilgan amaliyot binosi avtomobil diagnostikasi uchun qo‘llaniladigan kompyuter qurilmalari va boshqa shu kabi zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Shu tariqa bu yerda talabalarga nazariy bilimlarni bevosita amaliyot bilan uyg‘un holda mustahkamlab borish imkoniyati yaratildi.

Tadbirda so‘z olgan  Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Iqboljon Ergashev keyingi yillarda Farg‘ona viloyati va Koreya Respublikasi o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotganini qayd etdi. Universitetda duyonning ilg‘or ta’lim standartlari asosida yo‘lga qo‘yilgan o‘qitish tizimi hamkorlik aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Ayni paytda mazkur nodavlat oliy ta’lim muassasasidagi 12 ta fakultetda ikki ming nafarga yaqin talabalarga ta’lim berilmoqda. Shuningdek, bilim dargohida yo‘lga qo‘yilgan 3+1 qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha hozirda Koreyadagi hamkor universitetda 111 nafar talabalar tahsil olmoqda. Ta’lim muassasasida qariyb 60 nafar professor-o‘qituvchilar, shundan Koreyadan jalb etilgan 40 nafar va AQSHdan taklif etilgan 1 nafar xorijlik mutaxassislar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib kelmoqda. Professor-o‘qituvchilarning 33 nafari PhD ilmiy darajasiga ega.

E’tiborlisi, joriy o‘quv yilida universitetni 565 nafar talaba tamomlab, yetuk mutaxassis sifatida o‘z mehnat faoliyatini boshlaydi.

 

M.Sulaymonov,

M.Qodirov olgan surat