Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Vladimir Norov Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Tojikiston – Markaziy Osiyo: yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, abadiy do‘stlik va hamkorlikda rivojlanish siyosati” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda chiqish qildi.

V.Norov Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz hamkorlikning yangi siyosiy manzarasini shakllantirishga muvaffaq bo‘lganini qayd etdi. Ko‘plab muammolar hal etilib, iqtisodiy kooperatsiya jarayoni boshlandi, fuqarolar o‘rtasida aloqa faollashdi.

Bularning bari mintaqamizning yagona savdo-investitsiyaviy va transport-kommunikatsiya maydoniga aylanishi uchun sharoitlar yaratdi. Iqtisodiyotning avtomobilsozlikdan tortib, qishloq xo‘jaligigacha bo‘lgan turli tarmoqlarida  sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi aloqalar, madaniy-gumanitar muloqot kengaymoqda.

MOXI direktori so‘zlariga ko‘ra, barqaror Markaziy Osiyo investitsiyaviy faollik va iqtisodiy taraqqiyot markazlaridan biriga aylanmoqda. Ekspertlar fikricha, so‘nggi besh yilda mintaqa mamlakatlarining jami yalpi ichki mahsuloti 20 foiz o‘sib, 340 milliard dollardan oshdi.

O‘zbekiston misolida oladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash miqdori 3 barobar oshib, 7.4 milliard dollarga yetdi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston bilan hamkorlikda energetika sohasida bir necha loyiha amalga oshirilmoqda. Bu Norin va Zarafshon daryolarida yirik GESlar qurilishidir.

“Hamkorlikning shunday faol o‘sish sur’ati qo‘shni davlatlarda ham kuzatilmoqda”, deydi Norov.

Qayd etilganidek, mintaqadagi umumiy o‘zgarishlar samarasi o‘laroq, Markaziy Osiyo davlatlarining ichki mintaqaviy masalalar bo‘yicha kelishilgan yondashuvlari ishlab chiqilib, davlatlarimizning xalqaro maydondagi yaqin hamkorligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Mutaxassis ta’kidlaganidek, “mintaqa davlatlarining yagona yondashuvi BMT, MDH, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham namoyon bo‘lmoqda”.

Bunday o‘zgarishlar natijasida so‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlari “Markaziy Osiyo plyus” (YeI, Hindiston, Xitoy, Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiya va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi) muloqot formati doirasida dunyoning yetakchi davlatlari va markazlari bilan munosabat yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘ziga xos umumiy yondashuv ishlab chiqdi.

V.Norov Markaziy Osiyoni tinch va iqtisodiy jihatdan farovon mintaqaga aylantirish eng muhim maqsad va vazifamiz ekanini qayd etdi.

G‘.Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA