Qozog‘iston huquq-tartibot organlari Qarag‘anda viloyatida uyushgan jinoyatchilar guruhi faoliyatiga chek qo‘yib, 40 kishini hibsga oldi, deyiladi Respublika ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

“5 mart kuni Ichki ishlar vazirligining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash  departamenti  Milliy xavfsizlik qo‘mitasining beshinchi departamenti bilan birgalikda uzoq vaqtdan buyon Qarag‘anda viloyatida kriminal vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgan  jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida maxsus amaliyot o‘tkazdi”, – deyiladi xabarda.  

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, jinoiy guruhlar a’zolari jamoatchilik tartiblarini buzib, o‘q otar qurollar vositasida bir necha bor o‘zaro otishmalar sodir etgan. Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, guruhlarda kamida 50 dan ziyod faol jinoyatchilar, jumladan oralarida sobiq huquq-tartibot organlari hamda qo‘riqlash xizmati   xodimlari ham bor bo‘lgan. Guruhlar yetakchilari va a’zolarning vazifalari aniq belgilab qo‘yilgan. Jinoyatchilar mazkur hududda yirik sanoat ob’ektlaridan qimmatli materiallarni o‘g‘irlash tizimini yo‘lga qo‘yib olgan.

Bundan tashqari, huquq-tartibot organlari   ochilmay qolgan qotillik jinoyatlarda ham guruh a’zolarining qo‘li borligini aniqlashdi.

Maxsus amaliyot dаvоmida 100 dan ortiq tintuv ishlari amalga oshirilgan, 9 dona o‘qotar qurol musodara qilingan, 200 dan ortiq o‘q-dori, granatomyot, trotil, granatalar, hujjatlar va qalbaki muhrlar, diniy adabiyotlar, yirik miqdordagi pul, ko‘chmas mulklar, olisdan turib eshitadigan maxsus texnik vositalar qo‘lga olingan”.

“Tezkor-tekshiruv tadbirlari davom etmoqda”, deyiladi xabarda.