Ijtimoiy tarmoqlarda Taxiatosh tumani “Taxiatosh” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi jami 31 million so‘mni talon-taroj qildi, lekin huquqni himoya qilish organlari negadir jim degan mazmunda tarqalgan ma’lumot bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi rasmiy ma’lumot berdi.

Unda qayd etilishicha, Taxiatosh tumani Taxtako‘pir ko‘chasi 55a-uyda yashovchi fuqaro U.Ye ning “Taxiatosh” mahalla fuqarolar yig‘inida yuz berayotgan qonun buzilishlar yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qilish hamda nazorat organlariga yo‘llagan murojaatiga asosan tekshirish ishlari olib borildi.

Tekshirishda mahalla fuqarolar yig‘inida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 martdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordamni tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” gi qaroriga zid ravishda 3 ta holatda 2 million 632 ming so‘mlik bir martalik yordam puli ortiqcha to‘langanligi hamda 2022 yil may oyidan 2023 yil 31 yanvar kuniga qadar 37 ta holatda jami 31 million 169 ming so‘mlik bir martalik moddiy yordam puli asossiz to‘langanligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Taxiatosh tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA