BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish dunyodagi barcha xalqlarning tinch, xotirjam va farovon yashashiga qaratilgan.

Bunday maqsadga erishishda esa har bir mamlakat ma’lum shartlarni bajarib borishi zarur. Aynan shu yo‘nalishdagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yishda esa mamlakatlar, mintaqalar o‘zaro hamkorlik imkoniyatlaridan ham foydalanmoqda.

Xalqaro miqyosda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) makonida ham bunday samarali hamkorlikni kuzatish mumkin.

Toshkent shahrida “SHHT makonida ayollar: o‘zaro manfaatli hamkorlik” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bunga yana bir dalil bo‘ldi.

Oliy Majlis Senati tomonidan O‘zbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi bilan  hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda parlament vakillari, SHHTga a’zo mamlakatlar xotin-qizlar tashkilotlari, biznes, madaniyat, fan va ta’lim sohalari rahbarlari ishtirok etdi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llab, tadbirning samarali o‘tishi va yuqori natijalarga erishish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinishiga ishonch bildirdi.

Tadbirda O‘zbekistonda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi. 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangani, xotin-qizlarning mavqeini oshirish bo‘yicha mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgani e’tirof etildi.

Xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy sohadagi o‘rni va faolligini yanada oshirish hamda ilmiy faoliyatga keng jalb etish sohasida SHHT mamlakatlarining tajriba almashishini kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Innovatsion yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.

Aynan shu yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Tadbir davomida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda xotin-qizlarning rolini oshirish bo‘yicha tajriba almashildi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, ayollar yetakchiligi hamda tadbirkorligini samarali rag‘batlantirish, SHHT doirasida hamkorlik qilish bo‘yicha yangi loyiha va dasturlarni tayyorlashga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA