Bugun poytaxtimizdagi «Yunusobod» sport majmuasida dzyudo bo‘yicha “Parij-2024” Olimpiadasining muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan «Katta Dubulg‘a» turniri boshlanadi.

Xalqaro dzyudo federatsiyasi taqvimidan o‘rin olgan nufuzli turnirda 49 davlatdan 364 dzyudochi ishtirok etmoqda.

Uch kun davom etadigan bahslarda mahoratli sportchilar 14 ta vaznda Olimpiadaning reyting ochkolari hamda 154 ming yevrodan iborat mukofot jamg‘armasi uchun kurash olib boradi.

Bugun kun davomida erkaklar 60, 66, ayollar esa 48, 52 va 57 kg. vazn toifalarida medallar hamda “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘lidagi qimmatli reyting ochkolari uchun tatamiga chiqadi. Ular orasida 20 nafar O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham bahs yuritadi.

Bellashuvlarda hamyurtlarimizdan Doston Ro‘ziyev, Dilshodbek Baratov, Muhriddin Tilovov, Sardor Nurillayev, Halimajon Qurbonova, Diyora Keldiyorova kabi mahoratli sportchilarimiz, bir qator yoshlarimiz xalqaro turnirda dunyoning yetakchi sportchilari bilan musobaqalashadi.

Bugun erta tongda mazkur turnirda bevosita ishtirok etish uchun Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer Toshkentga yetib keldi.

Martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov kutib oldi.

«Katta Dubulg‘a» turniri 5 martga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev, 

O‘zA