2017-2022 yillarda mamlakatimizda pul-kredit siyosati bosqichma-bosqich erkinlashtirilmoqda.
PMTI ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda pul-kredit sohasida amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot tahliliga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekiston Markaziy banki almashinuv kurslarining unifikatsiya qilinishi va valyuta bozorining erkinlashtirilishi muhim islohot bo‘ldi. Bu o‘zbek so‘mining yagona kursi shakllanishiga olib kelib, korxonalarning xalqaro miqyosdagi faoliyatini osonlashtirdi.
2018 yilda esa Markaziy bank boshqaruvi Moliyaviy ommaboplik alyansiga (Alliance for Financial Inclusion) a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi hamda qator islohotlarni amalga oshirdi. Bu yangiliklar natijasida bank xizmatlarini masofadan ko‘rsatuvchi tizimlardan foydalanuvchilar soni 15 marotaba, kredit qo‘yilmalari 7,4 marotaba, bank aktivlari 6,6 marotaba, jalb qilingan depozitlar hajmi 5,8 marotaba oshdi.
O‘z navbatida, 2019 yilda hukumatning inflyatsiyani targetlash bo‘yicha 5 yillik strategiya e’lon qilinishi mazkur soha uchun qator vazifalar belgilangani bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi. Jumladan, unda inflyatsiya darajasini 4-5 foiz atrofida ushlab turish vazifasi qo‘yilgan. Unga ko‘ra, bank sektori erkinlashtirildi va sog‘lom raqobat muhiti shakllantirildi. Shuningdek, 2025 yilgacha oltita davlat bankini xususiylashtirish ko‘zda tutilgan.
Strategiyaga muvofiq, Ipoteka-bankdagi davlat ulushining 75 foizi Vengriyaning OTP bankiga sotildi. Shuningdek, bank tizimida raqamlashtirish keng miqyosda tatbiq etilib, banklarning mobil ilovalari soni 21 tadan oshirildi. O‘z faoliyatini boshlagan “TBC Bank” va “Anorbank” kabi raqamli banklar bu ishlarning yorqin dalilidir.
O‘zA