Pedagoglarning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish holatlari davom etmoqda. Pedagog xodimlar hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va masalalarni hal etish uchun tuzilgan ko‘plab ishchi guruhlar tarkibiga asossiz kiritilgan. Ulardan turli hisobot va ma’lumotlar talab etib kelinmoqda.
“Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun shu kabi muammolar yechimiga qaratilgan.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan qonunga muvofiq Jinoyat kodeksida pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, ta’lim tashkilotining pedagog xodimini mehnatga ma’muriy tarzda qayta majburlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik, shuningdek, ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish yoki qonunga xilof ravishda aralashish, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Bunda kodeksdagi sanksiyalar fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun pedagoglarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA