Toshkent shahridagi “Yulduz Cinema” kinoteatrida “Ipak yo‘lida turizm – Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi – 2022” filmining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur filmda O‘zbekistonda turizm sohasining rivojlanish tarixi, bosqichlari, istiqlol yillarida sayyohlik rivojining tendensiyalari, islohotlarning turizm bo‘yicha xususiy sektor ravnaqiga ijobiy ta’siri xususida atroflicha so‘z yuritiladi.
Filmda Toshkent xalqaro turizm yarmarkasini tashkil etishdagi mashaqqatli va qizg‘in, ham yorqin jarayonlar, erishilgan yutuqlar, imzolangan shartnomalar xususida batafsil hikoya qilinadi.
Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi 1995 yildan buyon Jahon turizm tashkiloti rasmiy ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu yarmarka har yili butun dunyodan turizm biznesi mutaxassislarini sohalari bo‘yicha tajriba almashish, o‘z xizmatlari va mahsulotlarini taqdim etish, mamlakatimizda kooperativ tijorat faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratish maqsadida o‘tkazilmoqda.
“Ipak yo‘lida turizm – Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi – 2022” filmi yarmarkani endilikda yangi bosqichga olib chiqish, sayyohlikning istiqbollarini ko‘rsatib berishi bilan ahamiyatlidir.
Aytish kerakki, “Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi – 2022”da o‘ttizdan ortiq davlatdan 300 nafardan ziyod turizm sohasi vakillari ishtirok etdi. 7 mingdan ortiq shartnoma imzolandi. 20 mingdan ziyod muzokaralar o‘tkazildi.
“Ipak yo‘lida turizm – Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi – 2023” tadbiri joriy yil 15-17 noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Mazkur xalqaro tadbirni yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Sayyohlik salohiyatimiz haqidagi film barchada katta taassurot qoldirdi.
Nazokat Usmonova,
Davron Ernazarov (suratlar),
O‘zA