Xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonch kamayib, qarama-qarshilik va mojarolar tobora ortib bormoqda. Mana shunday og‘ir bir vaziyatda O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan oqilona tashqi siyosat natijasida dunyo mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli, do‘stona hamkorlik izchil davom etmoqda.

Senat yalpi majlisida ushbu masalaga ham e’tibor qaratildi. Senat Raisi T.Norboyeva 2022 yilda parlamentlararo aloqalarni jadallashtirish orqali xorijiy mamlakatlar bilan dunyoda tinchlik va barqarorlikni, oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash borasida faol ish olib borilganini qayd etdi.

– Parlamentlararo muloqotlar uchun O‘zbekiston qulay maydon vazifasini o‘taganini alohida ta’kidlash lozim, – dedi Senat Raisi. – Xususan, Senat tomonidan yettita yirik xalqaro tadbir tashkil etildi. Jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti Xotin-qizlar forumi, Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasining navbatdagi kuzgi sessiyasi poytaxt va Samarqand shahrida yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.

Nafaqat xalqaro hamkorlik, balki mamlakatning xalqaro maydonda tutgan o‘rnini yaxshilash yuzasidan ham izchil ishlar amalga oshirildi. Natijada mamlakatimiz uchun ustuvor etib belgilangan nufuzli 16 xalqaro reytingda O‘zbekistonning o‘rni ko‘tarildi.

Majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida olib borilgan ishlar natijasida “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan 13 yildan beri (2009-2022 yillar) O‘zbekiston  paxtasiga qo‘llangan xalqaro boykot bekor qilindi.

Aytib o‘tish kerakki, Senatning ushbu yo‘nalishdagi ishlari xalq diplomatiyasi orqali xalqaro aloqalarni rivojlantirishga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Global muammolar yechimida birgalikda harakat qilish migratsiya jarayonlari faollashgan hozirgi sharoitda xorijiy davlatlarda faoliyat olib borayotgan yurtdoshlarimiz manfaatlari himoyasini ta’minlashda alohida o‘rin tutmoqda. Eng muhimi, mintaqalararo iqtisodiy aloqalar rivoji, mintaqaviy tinchlik va barqarorlik ta’minlanishiga parlament vakillari o‘ziga xos hissa qo‘shmoqda.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA