Hurmatli Ilhom Geydarovich!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Bugungi Muloqot guruhi sammitining barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan qutlayman.
Go‘zal va betakror Boku shahrida anjuman qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik va uchrashuvimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun Ozarbayjon Prezidenti hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyevga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.
Shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, Ozarbayjon Yetakchisi raisligi davrida Qo‘shilmaslik harakatining xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi keskin oshdi.
Ushbu muhim platforma doirasida mamlakatlarimizning ko‘p tomonlama hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi.
Pandemiya davridagi qiyinchiliklarga qaramay, o‘zaro birdamlik va hamjihatligimiz yanada kuchaydi. Tashkilot tarixida birinchi bor parlamentlar va yoshlar qanotlari tashkil etildi.
Bu yutuqlarning barchasi qadrli hamkasbim Ilhom Geydarovichning ulkan sa’y-harakatlari va faol tashabbuskorligi, a’zo davlatlar manfaatlarini ko‘zlab olib borgan amaliy ishlarining yaqqol ifodasidir.
Shu o‘rinda hurmatli Ozarbayjon Prezidentining bugungi murakkab vaziyatga qaramay, mamlakat iqtisodiyotini har tomonlama yuksaltirish, xalqning turmush darajasini oshirish, davlatning xalqaro miqyosdagi obro‘ va nufuzini mustahkamlash borasida salmoqli natijalarga erishayotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman.
Shu bilan birga, hurmatli qardoshimning tarixiy adolat tiklangan hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilma va yangi-yangi inshoatlarni barpo etish, aholiga qulay sharoitlar yaratib berishga qaratilgan bunyodkorlik ishlarini alohida qayd etishni istar edim.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Tahlillar ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yillarda insoniyat pandemiyaga qarshi kurashish bilan bir qatorda, iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar va texnogen fojialarning ayanchli oqibatlarini ham o‘z boshidan o‘tkazmoqda.
Bu muammolarning ko‘lami tobora kengayib, ular nafaqat ayrim davlatlar, balki butun bir mintaqalarning xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti uchun jiddiy xavf solmoqda.
Albatta, bunday qiyin va murakkab sinovlarni faqatgina birgalikda, bir-birimizni yaqindan qo‘llab-quvvatlagan holda yenga olamiz.
Shu ma’noda, O‘zbekiston 2030 yilga qadar mo‘ljallangan Senday hadli dasturining asosiy maqsadlariga erishish bo‘yicha Global platforma faoliyatini yanada kuchaytirish tarafdoridir.
Bu kabi favqulodda holatlar sabablarini chuqur o‘rganish hamda ofat oqibatlarini samarali bartaraf etish maqsadida Qo‘shilmaslik harakatining maxsus monitoring va ilmiy tadqiqot tarmog‘ini tashkil qilishni taklif etaman.
Bu institutni O‘zbekistonda joylashtirishga tayyormiz.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Pandemiyadan keyingi davrda geosiyosiy va mafkuraviy ziddiyatlar kuchayib, ularning ta’sirida jahonning turli nuqtalarida yangi notinchlik o‘choqlari paydo bo‘layotgani barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda.
Bundan tashqari, Yaqin Sharq mintaqasi va Afg‘onistonda uzoq vaqtdan buyon saqlanib qolayotgan nizolarning global yechimi hanuzgacha topilgani yo‘q.
Ayniqsa, so‘nggi paytlarda barcha davlatlarda o‘sib borayotgan terrorizm va ekstremizmning xavf-xatariga qarshi Tashkilot doirasida amaliy aloqalarni kuchaytirish tobora dolzarb tus olayotganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Ana shunday tahlikali vaziyatda biz Qo‘shilmaslik harakatini terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha umumiy intilishlarga yetakchilik qilishga chaqiramiz.
Ushbu jarayonda Harakatga a’zo barcha davlatlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirishiga qat’iy ishonamiz.
Shuningdek, bu muammolarni xalqaro miqyosda samarali hal etish va tizimli muvofiqlashtirishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ихт́исослашган tuzilmalari albatta asosiy rolni bajarishi lozim.
Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish jarayonida, Xavfsizlik Kengashi tarkibida kelgusida Qo‘shilmaslik harakati a’zolarining doimiy o‘rni bo‘lishi kerak.
Shu o‘rinda afg‘on masalasi bo‘yicha algoritmni kelishish uchun BMT huzurida Xalqaro muzokaralar guruhini tuzishga doir O‘zbekiston taklifini qo‘llab-quvvatlaysizlar, deb ishonaman.
Global kun tartibidagi yana bir muhim masala – bu davom etayotgan va yakuni hali ko‘rinmayotgan iqtisodiy inqiroz asoratlarini yumshatishdir.
Barchamiz jahon savdo aloqalari zaiflashuvi, sanoat va logistika zanjirlari uzilishining salbiy ta’sirini yaqindan bevosita his qilayapmiz.
Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari, suv va energetika resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani mamlakatlarimiz ijtimoiy-iqtisodiy tizimlari uchun jiddiy sinov bo‘lmoqda.
Ming afsuski, bunday qiyin vaziyatda eng katta og‘irlik va salbiy ta’sir, avvalo, aynan rivojlanayotgan davlatlar zimmasiga tushmoqda.
Shuni ta’kidlamoqchimanki, bugungi sammit kabi nufuzli anjumanlar birinchi navbatda o‘zaro amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dasturlar va yirik loyihalarni ilgari surish uchun keng iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochib berishi lozim.
Bu xayrli rejani amalga oshirish maqsadida, Tashkilotimiz sammitlari arafasida Qo‘shilmaslik harakati Iqtisodiy forumini muntazam o‘tkazib borishni taklif etaman.
Ishonchim komilki, bunday muhim tadbirlar innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalar almashuvini jadallashtirishga, umuman olganda, to‘rtinchi sanoat inqilobi, xususan aqlli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Yana bir muhim masala.
Pandemiyaning salbiy ta’sirini, birinchi galda, o‘sib kelayotgan yoshlarimiz his qilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Ularning sifatli ta’lim va profes-sional bilim olish, tibbiy xizmatlardan foydalanish va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari keskin kamaymoqda.
Eng yomoni, yosh avlodning kelgusida hayotda o‘z munosib o‘rnini topishiga bo‘lgan ishonchi va qat’iyati susaymoqda.
Shuningdek, minglab yoshlarning ongu tafakkuriga buzg‘unchi va radikal mafkuralar ta’siri ham tobora kuchaymoqda.
Biz o‘tgan yili Toshkent shahrida bu masalalar yechimiga qaratilgan, yoshlar ta’limi va tarbiyasiga bag‘ishlangan ikkinchi global konferensiyani o‘tkazdik.
Bu borada siyosat va rejalarimizni uyg‘unlashtirish, to‘plagan tajriba-larimiz bilan o‘rtoqlashish maqsadida Harakatimiz Yoshlar tarmog‘ining “Cheksiz imkoniyatlar sammiti”ni kelgusi yil jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan ko‘hna Samarqandda tashkil etish niyatidamiz.
Hurmatli do‘stlar!
Biz Ozarbayjonlik qardoshlarimizni Tashkilotimizga samarali raisligi va sammitning muvaffaqiyatli o‘tayotgani bilan yana bir bor samimiy tabriklaymiz.
Hech shubhasiz, bugun bildirilgan barcha fikr va mulohazalar, taklif va tashabbuslar xalqlarimizning umumiy ravnaqi va farovonligiga xizmat qiladi.
E’tiboringiz uchun rahmat.