Xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyuldagi «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq, joriy yilning 28 fevralidan mamlakatimizda yovvoyi hayvonlar va qushlarni ovlash mavsumi yakunlandi.
Ov qilishning o‘ziga xos talablari bo‘lib, ov qilishdan oldin fuqarolar O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasining a’zoligini olishlari, Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boshqarmalaridan ov qurolini ro‘yxatdan o‘tkazishlari hamda pnevmatik qurol uchun tegishli ruxsatnoma olishlari lozim bo‘ladi. Ushbu talablar bajarilgandan so‘ng ov qilish huquqi beriladi.
Tabiat resurslari vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdurashid Sodiqovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 2022 yilda ov qoidalarini buzishga oid 1 ming 409 ta holat aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda jarima va tabiatga yetkazilgan zarar belgilangan. Qonuniy chora ko‘rish yuzasidan materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga kiritilgan. Shundan 36 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, ov qurollarining taqiqlangan turlaridan va ov qilishning taqiqlangan usullaridan foydalanish, taqiqlangan joylarda, taqiqlangan mavsumlarda va muddatlarda ov qilish hamda yovvoyi hayvonlarning taqiqlangan turlarini ovlash, tegishli guvohnomasiz ov qurolini saqlash va olib yurish mumkin emas.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi tizimiga yerga egalik huquqisiz jami 695 ming 525 gektar maydon ov qilish maqsadida biriktirilgan. Birlashmaning jami a’zolari 41 ming nafar bo‘lib, shundan 38 ming nafarini ovchi fuqarolar, 3 ming nafarini baliqchilar tashkil etadi. Bundan tashqari, respublikada 4 mln. gektardan ortiq 10 ta o‘rmon davlat ov xo‘jaliklari hamda 63,8 ming gektardan iborat 7 ta xususiy ov xo‘jaliklari mavjud. Ov qilish muddati yilning ma’lum davrida bo‘lib, bu davr mobaynida muayyan turdagi yovvoyi hayvonlarni ovlash amalga oshiriladi.
bugungi kunda Tabiat resurslari vazirligi tomonidan vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning ov qilishi va noqonuniy ov jarayonlarida ishtirok etishi yuzasidan ham qat’iy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida bo‘ri ovi bilan bog‘liq jarayonda ishtirok etgan Tabiat resurslari vazirligi Toshkent viloyati boshqarmasi Ohangaron shahar bo‘limi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi rahbar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA