Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Majlis kun tartibiga  11 masala kiritilgan bo‘lib, shundan 8 tasi qonunlardir. Ular orasida “Raqobat to‘g‘risida”, “Davlat boji to‘g‘risida”gi yangi qonunlar bor.

Amaldagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunlar nisbatan ko‘proqni tashkil etadi.

Jumladan, “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”, “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, Senatning 2022 yildagi faoliyati va 2023 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari ko‘rib chiqiladi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktorining O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi holati haqidagi axboroti eshitiladi.

Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida tezkor va batafsil O‘zA saytida tanishtirib boramiz.

 

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat)

O‘zA