Bu yilgi anomal sovuq tufayli elektr ta’minotida muammolar kuzatildi. Bu esa joylarda quyosh panellarini o‘rnatish ishlarini birmuncha jonlantirdi.
Quyosh panellari o‘rnatilgani yaxshi, albatta. Ammo bunda nimalarga e’tibor berish kerak? Quyosh panellarini o‘rnatish uchun qanday talablarga rioya qilish kerak?
Mazkur savollar yuzasidan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti kafedra mudiri, texnika fanlari doktori Dilshod Qodirovga yuzlandik.
— O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish qanday samara beradi?
— Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish avvalo, elektr energiya ishlab chiqarish manbalarini turfaxillashtiradi. Uglevodorod resurslar qazib olishni kamaytirish orqali kelajak avlod uchun zaxiralar saqlanadi. Gazdan foydalanish asosida ishlaydigan elektr stansiyalar kamayadi. Energetik va ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda elektr energiyasi ehtiyojlarini to‘liq yaxshilashga imkon beradi.
— Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qaysi turlaridan keng foydalana olamiz?
— Mamlakatimizda quyosh, shamol va kichik suv oqimlari energiyasidan foydalanish samaralidir. Quyosh energiyasining jozibadorligi uning bitmas-tuganmasligi, dunyoning istalgan nuqtasida mavjudligi va ekologik tozaligi bilan bog‘liq. Xalqaro energetika agentligi ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga kelib insoniyatning energiyaga bo‘lgan ehtiyoji 45-50 foizi quyosh energiyasi yordamida ta’minlanishi kutilmoqda.
Quyosh energiyasidan asosan ikki xil foydalanish usuli mavjud. Birinchi usul, quyosh kollektori yordamida suvni 150o S haroratgacha qizdiriladi, so‘ng binoni isitish yoki issiq suv ta’minotida foydalanish mumkin. Ikkinchi usul keng tarqalgan bo‘lib, quyosh energiyasidan elektr energiyasi olishda yarim o‘tkazgichli fotoelement – quyosh panellari (quyosh moduli)yordamida olinadi. bugungi kunda yarim o‘tkazgichli quyosh elementlari yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarish sur’ati keskin o‘sib bormoqda. Quyosh panellarini quyosh nuri eng ko‘p tushadigan bino tomlariga o‘rnatish samarali hisoblanadi.
Quyosh panellari ishlab chiqarishga ko‘ra turli o‘lchamlari va turlari mavjud. Quyosh modullari 0,4 dan 2,5 m2 o‘lcham oralig‘ida bo‘ladi. Ularning o‘lchamlari quvvatiga bevosita bog‘liq. Hozirda 600 Vt gacha bo‘lgan panellar mavjud. bugungi kunga kelib yangi materiallar asosida FIK 45 foizgacha bo‘lgan quyosh panellari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning ilmiy tadqiqot laboratoriyalarida ko‘plab izlanishlar olib borilmoqda.
— Quyosh panellari yurtimizda ham ishlab chiqariladimi?
— O‘zbekistonda quyosh panellari ishlab chiqarilmaydi, asosan Xitoyda ishlab chiqariladi.
— Quyosh panellarini o‘rnatish talabi qanday? Qayerlarga va qanday tartibda o‘rnatish kerak?
— Quyosh panellari quyoshdan kelayotgan radiatsiyani elektr energiyasiga aylantiradi. Maksimal energiya olish uchun quyosh radiatsiyasi panel yuzasiga maksimal darajada tik tushishi lozim. Panellar yuzasidan yutilmay qaytgan yorug‘lik energiya generatsiyasida ishlamaydi. Shu bois, xo‘jalikka quyosh panellarini o‘rnatishda professional loyihaga tayanish lozim. Zero, qo‘shningizga to‘g‘ri kelgan loyiha sizning uyingizga to‘g‘ri kelmaydi.
Buning uchun uyingizda quyosh panellari o‘rnatiladigan joy kun davomida quyoshdan kelayotgan energiyani maksimal darajada tik holatda qabul qilishi uchun sharoit bo‘lishi kerak. Bunda panellarni o‘rnatish burchagi, panellar konfiguratsiyasi muhim rol o‘ynaydi. Panellarni o‘rnatish burchagi joylashgan lokatsiyada quyoshga nisbatan joylashuv hisobga olinadi. Bu hisob-kitoblarni amalga oshirishda maxsus qurilmalar va sputnik ma’lumotlaridan foydalanilsa, shuningdek, o‘lchov o‘ta aniq olinsa, panellar kutilgan natijaga maksimal yaqinlashadi.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi