Buxoroda “Yoshlar va qonun” huquqiy tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirishda olib borilayotgan barcha islohotlar barkamol, mustaqil fikrlaydigan, jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashga intilgan, mamlakatni isloh qilishda namuna ko‘rsata oladigan yoshlarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan.
Tanlovning asosiy maqsadi qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, mamlakatda olib borilayotgan sud-huquq tizimidagi shaffoflikda yoshlarning o‘rni va sohada tashabbuslar maydonini yaratish, shuningdek, ta’lim muassasalari hamda mahalla yoshlarining huquqiy bilimlarini rivojlantirishdan iborat.
Buxoro viloyati mezbonlik qilgan “Yoshlar va qonun” tanlovining Respublika bosqichida barcha viloyatlardan saralangan 14-18 hamda 18-30 yosh toifasidan iborat jamoalar faol qatnashdi.
Musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish uchun bir qator Respublika davlat tashkilotlari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Ichki ishlar, Adliya, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Yoshlar ishlari agentligining sohadagi mas’ullari jamoalarni 3 kun mobaynida “Huquqiy muammoga tezkor yechim”, “Huquqiy penalti”, “Mening qonunchilik tashabbusim”, “Konstitutsiya bilimdoni”, “Sud majlislari modeli” kabi turli xil dolzarb shartlar asosida huquqiy bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 14-18 yosh toifasidagi bahslarda 1-o‘rinni Surxondaryo viloyati “Xo‘jomqon” mahalla fuqarolar yig‘inining “Yosh huquqshunos” jamoasi, 2-o‘rinni Sirdaryo viloyati “Oqibat” mahalla fuqarolar yig‘inining “Sohibqiron izdoshlari” jamoasi, 3-o‘rinni Samarqand viloyati “Toxirshayx” mahalla fuqarolar yig‘inining “Kelajak yulduzlari” jamoasi egalladi. 18-30 yosh toifasidagi bellashuvlarda 1-o‘rin Namangan viloyati “Chortoq” mahalla fuqarolar yig‘inining “Diyonat” jamoasi, 2-o‘rin Buxoro viloyati “Ponob” mahalla fuqarolar yig‘inining “Femida” jamoasi, 3-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inining “Yosh yuristlar” jamoasiga nasib etdi.
Tanlov g‘oliblari hamkor va mas’ul tashkilotlar tomonidan barcha ishtirokchilar hamda yuqori natija ko‘rsatgan jamoalar I, II, III darajali diplom, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA