Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) 2023 yil yanvar oyida 1001 birlikni tashkil etib, dekabr oyiga nisbatan 0,1 foizga mo‘’tadil oshgan. Shu bilan birga, ishbilarmonlik faolligi indeksida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizlik o‘sish kuzatildi.
– Ishbilarmonlik faolligi indeksi quyidagi komponentlar darajasidagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lgan:
- xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisobvaraqalaridagi operatsiyalar soni 26,3 foizga kamaygan;
- faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bo‘yicha komponent 2,9 foizga kamaygan;
- tovar-xomashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 19,2 foizga oshgan;
- tovar belgilari bo‘yicha komponent 74,5 foizga oshgan.
Hisobot davrida ishbilarmonlik indeksi 6 ta hududda o‘tgan yilning oxirgi oyiga (2022 yil dekabr) nisbatan o‘sish kuzatilgan. Jizzax (38,0 foiz), Sirdaryo (29,9 foiz), Farg‘ona (27,9 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (35,6 foiz) sezilarli darajada o‘sgan. Shu bilan birga ushbu ko‘rsatkich 8 ta hududda – Navoiy (-26,9 foiz), Qashqadaryo (-8,1 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (-7,4 foiz) sezilarli darajada kamaygani ma’lum bo‘ldi.
2023 yil yanvar oyida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 4 737,8 mingtani tashkil etdi va 2022 yilning dekabr oyiga nisbatan 1 689,6 ming tranzaksiyaga (26,3foiz) kamaygan. Banklararo to‘lov operatsiyalari soni barcha hududlarda quyilagan.
Barcha hududlarda yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni kamaygan. Xususan, sezilarli darajadagi kamayish Namangan (-32,4 foiz), Qashqadaryo (-31,2 foiz), Navoiy (-30,2 foiz), Farg‘ona (-29,6 foiz), Surxondaryo (-29,4 foiz) va Xorazm (-28,4 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Ishbilarmonlik faollik indeksining birja komponenti 1,1923 birlikni tashkil etdi. Bu esa, ushbu komponentning o‘tgan oyga nisbatan 19,2 foizga oshganligini anglatib, har bir bitim bo‘yicha sotib olingan tovarlar o‘rtacha hajmining 19,9 foizga va bitimlar sonining 18,5 foizga oshganligi bilan izohlanadi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasida tovarlar savdosi umumiy aylanmasi hajmi bir oyda 6202,2 milliard so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich avvalgi oyga nisbatan 9,1foizga kam.
Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari bo‘yicha komponent 2023 yil yanvar oyida 0,9713 birlikni tashkil etib, 2,9 foizga kamayganligini ko‘rsatdi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa ijobiy –9,1 foizga oshgan.
Kichik korxonalar soni 523556 tadan 503804 tagacha(pasayish 19 752 ta), fermer xo‘jaliklari soni 109512 tadan 105948 tagacha (kamayish 3564 ta) kamaygan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar soni 3639 tani tashkil etib, 2022 yilning dekabr oyiga nisbatan 27 taga kamaygan.
Savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha biznes faolligi indeksi 1,7452 birlikni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 2022 yilning dekabr oyiga nisbatan 74,5 foizga oshgan. Yuridik shaxslar tomonidan 363 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.
Ruslan ABDULLAEV,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Bosh ilmiy xodimi.
O‘zA