Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasi “shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun” g‘oyasi asosida isloh qilinadi.
Bu haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida so‘z boradi.
2023 yil 1 apreldan boshlab Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.
2023 yil 1 dekabrdan boshlab transport vositasining egasiga transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni (ishonchnoma va boshqalar) taqdim etgan holda, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini transport vositasini boshqarish huquqini o‘tkazganligi haqida xabardor qilish huquqi beriladi.
Bunda, xabarnoma olingan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot-tahlil tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish hamda ushbu transport vositasida sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.
O‘zA