“2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni imzolandi.
Unga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi.
2023 yil 1 apreldan boshlab respublikaning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida 2023 yil 1 iyuldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga uch yillik moratoriy o‘rnatiladi.
32 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek 11 ming nafar fuqaroga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat byudjetidan yetarli mablag‘lar yo‘naltiriladi.
2023 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 8 trln so‘m, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trln. so‘m yo‘naltiriladi.
O‘zA