Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Turkiyaning janubiy-sharqida sodir bo‘lgan dahshatli zilzilalardan jabr ko‘rganlarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor. Bu haqda xalqaro tashkilot bosh direktori Tedros Adanom Gebreisusga tayanib, “Anadolu” agentligi xabar berdi.

JSST rahbari Xatay viloyatiga tashrif buyurdi, unga Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Faxrettin Koja hamrohlik qildi.

JSST yetakchisi halokat ko‘lamini “aql bovar qilmas”, deb atadi.

“Bu yaqin tarixda eng dahshatli ofatlardan biri, deb bilib, 45 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi va 108 mingdan ortiq kishi jarohatlandi”, dedi.

Gebreisusning so‘zlariga ko‘ra, turk tomoni uchun yordam paketi tabiiy ofat zonasi aholisi ehtiyojlarining ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda shakllantiriladi.

Bosh direktor 14 ming kishidan iborat Milliy tibbiy-qutqaruv guruhi xodimlari va ko‘ngillilarning faoliyatini alohida ta’kidladi.

“Turkiya qo‘ldan kelgan barcha ishni qilmoqda, ammo mamlakat xalqaro yordamga muhtoj”, deb qo‘shimcha qildi JSST rahbari.

 

O‘zA