Turizm sohasida yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish, ularni zarur infratuzilma bilan ta’minlash, xorijiy hamda mahalliy sayyohlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish va ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, sohada aholi bandligini oshirish va daromad manbalarini ko‘paytirish orqali respublikamizning ichki va tashqi turizm imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Turizm mahallalarida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Mazkur qarorga muvofiq, turizm mahallalarida ichki avtomobil yo‘llari va ko‘priklarni, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini qurish va ta’mirlash, elektr ta’minotini yaxshilash hamda aloqa va axborotlashtirish sohasini rivojlantirish bo‘yicha infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun 2024-2025 yillarda 205 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

2024-2025 yillarda turizm mahallalarida amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalari, ichki avtomobil (xo‘jalik) yo‘llari hamda ko‘priklarni qurish va ta’mirlash loyihalari, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini qurish va ta’mirlash loyihalari, elektr ta’minotini yaxshilash borasida amalga oshiriladigan loyihalar, shuningdek, turizm mahallalarida aloqa va axborotlashtirish sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-2025 yillarda davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda turizm mahallalarida amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalari uchun 200 milliard so‘m mablag‘ ajratadi.

 

O‘zA