O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Tarjima ijodiy kengashining yillik hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda Tarjima kengashi faoliyati atroflicha tahlil etildi.

Adabiy hayotimizning muhim voqeasi “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasi nashr etildi. Majmuaga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Vengriya, xullas TURKSOYga a’zo 8 davlat adabiyoti namunalari kiritildi. Majmuada jami 133 nafar mashhur shoir va adibga alohida jild ajratildi.

Shundan 88 nafar ijodkorning asarlari o‘ziga zamondosh, uslubi va yo‘nalishi jihatdan yaqin, hamohang bo‘lgan boshqa adib, shoirlar bilan bitta jildga kiritilgan. 45 nafar shoir va yozuvchining asarlari alohida jild sifatida nashrga tayyorlandi. Mazkur majmuadan zamonaviy o‘zbek, qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz va turkman adabiyotlari antologiya – bayozlari ham o‘rin olgan bo‘lib, ularda ushbu mamlakatlar zamonaviy shoir va yozuvchilarining asarlariga keng o‘rin berilgan. Jami antologiyalar soni 15 tani tashkil etdi.

Yozuvchi Risolat Haydarova rus tilidan ona tilimizga o‘girgan asarlar – Ivan Buninning “Xilvat xiyobonlar” hikoyalar turkumi, Ivo Andrichning “Drina ko‘prigi” romanlari tarjimasi 2022 yilning eng yaxshi tarjimalari, deb e’tirof etildi.

TURKSOY tashkiloti va Vengriyadagi Lekitelek maktabi hamkorlikda o‘tkazgan Shandor Petyofi she’rlarining eng yaxshi tarjimasiga bag‘ishlangan xalqaro tanlovda Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon g‘olib deb topildi.

2022 yil davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Galina Dolgayaning “Yugurik suvlar qo‘shig‘i”, AQSHlik serb shoiri Geke Marinayning “49-sahifa”, Moskvada chop etilgan “Antologiya uzbekskoy poezii” kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi. O‘tgan yili “Antologiya uzbekskoy poezii” kitobining 1-jildi nashrdan chiqqan edi. Bu yil uning 2-jildi nashr etiladi.

2022 yil 28-29 may kunlari Tarjima kengashi va Rusiyzabon adabiyot sho‘’basi hamkorligida “Do‘rmon bahori” adabiy forumi o‘tkazildi. Unda Toshkent shahri va viloyatida ijod qilayotgan yozuvchi va shoirlar, publitsistlar qatnashdi. Forumda muhokama etilgan masalalardan biri o‘zbek adabiyotini rus tiliga tarjima qilish masalasi bo‘ldi.

Kengashga kelib tushgan bir qator tarjima asarlari ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda 2022 yil ijodiy jarayonida Tohir Qahhor, Karim Bahriyev, Shermurod Subhon, Nargiza Asadova, Muhiddin Omon, Rahmat Bobojon, Humoyun Akbar kabi ijodkorlar ayniqsa faol bo‘lgani e’tirof etildi.

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (suratlar), O‘zA