So‘nggi bir necha yilda sayyoramizning turli nuqtalarida g‘ayrioddiy va favqulodda kam uchraydigan tabiat hodisalari bo‘lib turgani to‘g‘risidagi xabarlar tobora ko‘p eshitilmoqda.

O‘tgan tunda Moskva aholisi ajoyib tabiat hodisasiga guvoh bo‘ldi – Sergiyev Posad shahri osmoni uzra shimol yog‘dusi nur sochdi.

Rossiyalik meteorologlarning fikricha, bunday ko‘rinish – Moskva kengliklari uchun favqulodda hodisadir. Taxminlarga ko‘ra, u Yer ionosferasining jiddiy ta’sirlanishi va yirik geomagnit bo‘ronining ta’siri natijasida paydo bo‘lgan.

Kuchli suv ko‘tarilishlari bilan tanilgan Venetsiyada (Italiya) suv sathining haddan tashqari – odatdagidan yarim metrga pasayishi tufayli – deyarli barcha kanallar qurib qoldi. Bu katerdan foydalanadigan suv taksilari, gondolalar va shahar shoshilinch yordam xizmati ishiga xalaqit bermoqda.

Ekspertlarning fikricha, bu holat mintaqada so‘nggi bir necha oy mobaynida shakllangan qurg‘oqchilikning natijasi bo‘lib, yomg‘irning yo‘qligi vaziyatni yanada og‘irlashtirdi.

So‘nggi yillarda Venetsiyada kuchli suv toshqinlari ko‘paygan. Ulardan eng yirigi 2019 yilda sodir bo‘lgan. O‘shanda shaharga deyarli bir milliard yevroga baholangan zarar yetkazilgan. Shundan so‘ng, Venetsiya hukumati tabiiy ofatlardan keladigan zararni kamaytirishga chaqiradigan MOSE loyihasi ustida ish boshladi. Uni joriy yilning oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

So‘nggi oylarda Yerning turli mintaqalarida kuzatilayotgan g‘ayrioddiy  va dahshatli tabiat hodisalari o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligini aytish qiyin. Biz yashayotgan sayyoramiz qonuniyatlari haqida hali juda oz ma’lumotga egamiz.

Roman BONDARCHUK, 
O‘zA