Ertaga, 1 mart kuni Toshkent va Farg‘ona stadionlarida 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida qit’a chempionati, 2-9 mart kunlari poytaxtimizdagi «Jar» sport majmuasida qilichbozlik bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida qit’a chempionati, 3-5 mart kunlari esa «Yunusobod» sport majmuasida dzyudo bo‘yicha “Parij-2024” Olimpiadasiga reyting ochkolari taqdim etadigan «Katta Dubulg‘a» turkumiga kiruvchi turnir bo‘lib o‘tadi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligida qilichbozlik va dzyudo bo‘yicha nufuzli turnirlarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik yuzasidan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda mamlakat Qilichbozlik va Dzyudo federatsiyalari mutasaddilari musobaqalarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari, mavjud muammolar yuzasidan axborot taqdim etdi.
Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov xalqaro musobaqalarni o‘tkazish bilan bog‘liq har bir holat bo‘yicha daxldor vazirlik va idora mutasaddilari hamda mutaxassislariga zarur ko‘rsatmalar berdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, qilichbozlik musobaqalarida ishtirok etish uchun qit’aning 38 davlatidan 700 dan ziyod, dzyudo turniriga esa 52 davlatdan 600 ga yaqin xorijlik sportchilar, hakam va murabbiylar, xalqaro sport tashkilotlari rahbarlari, ekspertlar, chet el ommaviy axborot vositalari vakillari yurtimizga kelmoqda. Ushbu musobaqalarda qariyb 5 mingga yaqin xorijliklarning ishtirok etishi O‘zbekiston qisqa fursatda xalqaro sport musobaqalari markaziga, qolaversa, sport turizmi rivojlangan davlatlardan biriga aylanayotganidan dalolatdir.
Shuningdek, bir paytning o‘zida, ya’ni 1-18 mart oralig‘ida yurtimizda futbol, qilichbozlik, dzyudo, yengil atletika bo‘yicha to‘rtta jahon ahamiyatiga molik turnirning o‘tkazilishi O‘zbekiston sportining tarixiy ko‘rsatkichlaridan biridir.
Yig‘ilishda mazkur sport tadbirlarida qatnashish uchun O‘zbekistonga kelayotgan chet ellik sport delegatsiyalarining joylashuvi, ularning xavfsizligi, salomatligini muhofaza qilish, mamlakatimizning tarixiy va zamonaviy maskanlarini ziyorat qilishi, shuningdek, musobaqalarning rasmiy tadbirlariga hozirlik ko‘rish kabi qator masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Tegishli tashkilotlarga aniq vazifalar yuklandi.
Eslatib o‘tamiz, futbol musobaqalarida qatnashadigan barcha jamoalar yurtimizga yetib kelgan. «Katta Dubulg‘a» turnirida qatnashadigan Xitoy, Xitoy Taypeyi, Turkmaniston jamoalari hamda Xalqaro dzyudo federatsiyasi vakillari bugun poytaxt aeroportida kutib olindi. Qilichbozlik bo‘yicha Janubiy Koreya va Yaponiya terma jamoalari esa ayni paytda Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib bormoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA