Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tunu-kun hayot qaynaydi. Kimlardir bu dargoh orqali yurtimizdan olis manzillar sari oshiqayotgan bo‘lsa, yana kimlardir vatanimizga ilk qadamini aynan shu yerdan boshlaydi.
Vatanimiz sportchilari uchun esa poytaxt aeroporti duolar bilan kuzatiladigan, g‘oliblik bayrog‘ini baland tutib qaytayotganda shod-u xurramlik, g‘urur bilan qarshilanadigan muazzam joyga aylanib qolgan.
Bugun, 28 fevral tong soat 02:00da Toshkent aeroportida Bolgariyaning Sofiya shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan “Stranja” xalqaro turnirida dunyoning eng kuchli bokschilarini dog‘da qoldirib, O‘zbekiston bayrog‘ini jahon sport maydonlarida sarbaland qilgan charm qo‘lqop ustalari munosib qarshi olindi.
E’tiborlisi, 74-bor o‘tkazilgan turnirda To‘lqin Qilichev bosh murabbiyligidagi mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari 7 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza, jami 18 ta medallar shodasini qo‘lga kiritishi, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallashi o‘zbek boksining qudrati hamisha yuksak ekanligining yorqin namunasi bo‘ldi.
Bolgariya ringlarida deyarli yetti kun davom etgan janglar tafsiloti, unda ishtirok etgan bokschilarning “O‘zbek yo‘lbarslari”dan mag‘lub bo‘lishi yoki jangdan bosh tortish holatlari bugun jahon sport nashrlarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Bu, “Parij-2024” Olimpiadasi, joriy yil Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlaridagi bahslar bokschilarimiz uchun har qachongidan ham mas’uliyatli bo‘lishini anglatadi.
G‘olib bokschilarimizni kutib olish marosimida ishtirok etgan yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari, sportchilarimizning yaqinlari muvaffaqiyatlar zamiridagi tinimsiz mehnatlar, izlanishlar, hukumat darajasida ishlab chiqilgan dasturlar samarasi ekanligini ta’kidladi. Sofiyada qo‘lga kiritilgan bu natija kelgusi yutuqlarga zamin bo‘lishi lozimligi bildirildi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA