“Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan Osiyo ot sporti federatsiyasining kelgusi yilgi Bosh Assambleya yig‘ilishi Toshkentda o‘tkaziladi. Bu haqda Qatarda bo‘lib o‘tgan tashkilot yig‘ilishida e’lon qilindi.

Tashkilotga a’zo 35 mamlakat milliy federatsiyalari ishtirokida kechgan anjumanda joriy yil Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari va “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, ushbu musobaqalarga otlarni xavfsiz yuborish kabi masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon G‘oziyev hamda federatsiya bosh kotibi Nodir Ibragimov ishtirok etgan saylovda Ummon, Quvayt va O‘zbekiston mamlakatlari kelgusi Bosh Assambleya mezbonligi uchun raqobatlashdi.

Ovoz berishda delegatlar sportning ushbu turida xalqaro maydonda erishilayotgan natijalar, so‘nggi davrda nufuzli xalqaro tadbirlarning yuqori saviyada o‘tkazilayotganini inobatga olib, Bosh Assambleya mezbonligini Toshkentga taqdim etdi.

Osiyo ot sporti federatsiyasining kelgusi Bosh Assambleyasida tashkilot prezidenti va uning o‘rinbosari lavozimlariga saylov bo‘lib o‘tadi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA