Toshkent xalqaro konferensiyasi mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi

Toshkent ikki kun davomida yirik xalqaro anjumanga mezbonlik qildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasida O‘zA muxbirlari anjuman ishtirokchilarining fikrlari bilan qiziqdi.

Sergey Lavrov, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri:

– O‘zbekiston Prezidentining mintaqada barqarorlikni ta’minlashga doir tashabbusi Afg‘onistondagi vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilishda muhim qadam bo‘ldi. Bu g‘oyani Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ham qo‘llab-quvvatladi. Konferensiyada Afg‘onistonga qo‘shni barcha davlatlar vakillari qatnashdi. Chunki bu muammoni ularning ishtirokisiz bartaraf etib bo‘lmaydi. Ayni paytda konferensiyada Yevropa va Fors ko‘rfazi davlatlari vakillari ham ishtirok etgani diqqatga sazovor. Biz Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, uning iqtisodiyotini qayta tiklash yo‘lidagi har qanday sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi Afg‘oniston hukumati va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Buni bugun Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani ham alohida ta’kidladi. Konferensiya bu borada aniq amaliy qadamlar tashlash imkonini yaratdi.

Bu tashabbusni amalga oshirish uchun konferensiya doirasini kengaytirish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Afg‘onistonda tinch va osoyishta hayot hukm surishi, ushbu mamlakat terrorchilik, narkotrafik va boshqa xatarlardan xoli bo‘lishi barchamizning milliy manfaatlarimizga javob beradi.

Yevgeniy Sisoyev, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi direktori: 

– Toshkent xalqaro konferensiyasi Afg‘oniston bo‘yicha o‘tkazilayotgan g‘oyat muhim tadbirlardan biri bo‘ldi. Shu o‘rinda, mintaqada barqaror rivojlanishni ta’minlash borasida O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidlashni istardim. Bugun Yaqin Sharqdagi mojarolar, Shimoliy Afrikaning ayrim mamlakatlarida davom etayotgan notinchlik jahon hamjamiyati oldida turgan, hal etilishi kerak bo‘lgan birinchi darajali vazifa bo‘lib qolmoqda.

Suriya, Yaman, Liviyadagi keskin vaziyat terrorizm eksporti va migratsiya to‘lqinini yuzaga keltirmoqda. Ushbu mamlakatlar hududida harakat qilayotgan qurolli kuchlar bosimi ostida bu yerda terrorchilik harakati o‘z yo‘nalish va geografiyasini o‘zgartirib bormoqda. To‘qnashuvlardan qochib yurtiga qaytayotgan harakat a’zolari esa o‘z davlatida mudroq terror harakatini tashkil etmoqda. ShHTning aksilterror tuzilmasi o‘z faoliyatini bu kabi muammo va xatarlarni bartaraf etgan holda, aniq natijalarga erishayotganini aytib o‘tishni istardim. Chunonchi, hozirgi kunga qadar tashkilotimiz tomonidan 600 terrorchilik va qo‘poruvchilik harakatlarining oldi olindi.

Toshkent konferensiyasi tinchlikka erishish maqsadidagi g‘oyat muhim qadam bo‘lib qoladi.

Erlan Abdildayev, Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri:

– Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlik bo‘lsa, mintaqa davlatlari rivojlanadi, xalqlar farovonligi oshadi. Hozirga qadar atrofimizda salbiy jarayonlar Afg‘oniston bilan bog‘liq vaziyatda yuz berayotgan edi. Xususan, terrorizm, giyohvandlik, qurol-yarog‘, odam savdosi muammolari va boshqa noqonuniy harakatlar qo‘shnilar tinchligini buzayotgani bor haqiqat. Shu bois, agar biz Afg‘onistonga yordam bersak, bu bilan o‘z-o‘zimizga yordam bergan bo‘lamiz.

Jon Manza, NATO bosh kotibining operatsiyalar bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari:

– Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha juda ko‘p gapirilgan. Bu borada NATO ham Afg‘oniston bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib keladi.

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish oson ish emas. Mamlakatdagi notinchlik xalqaro terrorizm bilan bog‘liq. Barchamiz bu xavfni qoralaymiz. Biroq, unga barham berish uchun hali ko‘p ish qilinishi kerak. Urushni to‘xtatishning eng samarali yo‘li esa murosadir. Ayni shu maqsad uchun zarur qadamlar qo‘yilishi kerak.

Garet Beyli, Buyuk Britaniya bosh vazirining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili:

– Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash uchun kerak bo‘ladigan darajada ko‘mak berish, sarmoya kiritishga hamisha tayyormiz. Xususan, elektr energiyasi yetkazib berishni ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Afg‘oniston hukumati bor kuchini tinchlikni saqlash va ta’minlashga sarflashi kerak.

Biz Afg‘onistondagi barcha ovozlarni eshitishimiz, odamlarning istaklarini inobatga olishimiz shart. Buning uchun esa, albatta, terrorizmga, turli zo‘ravonliklarga barham berish lozim.

 

O‘zA